SSV Toshkent shahridagi «Ibn Sino» nomli 1-son klinik shifoxonasi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan izoh berdi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi «Ibn Sino» nomli 1-son klinik shifoxonasi bilan bog‘liq audiolar tarqaldi.
Unda koronavirusga chalingani taxmin qilingan bemor shifoxonaga joylashtirilishiga qattiq qarshilik ko‘rsatilgani, norozilik ovozlari eshitilgan.
Mazkur voqea bo‘yicha SSV Matbuot kotibi Furqat Sanayev quyidagilarni ma’lum qildi:
21 mart kuni soat 18:15da «Dehli-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha Hindistondan uchib kelgan reysda 254 nafar yo‘lovchi orasida 9 yoshli bola ham bo‘lgan. Sirdaryolik bu bola Hindistonda boshidan operatsiya o‘tkazgan (ko‘pchilik odatda bu davlatga turli operatsiyalar o‘tkazib kelish uchun boradi – tahr.) va qaytgan paytida tana harorati 39 daraja bo‘lgan.
Respublikadagi vaziyat, shifo maskani yaqinligi hisobga olinib, qolaversa «Ibn Sino» nomli 1-son klinik shifoxonasi karantinga olingani va eng muhimi – reanimatsiya bo‘limida joy borligi uchun bola shu shifoxonaga olib borilgan. Qolaversa, har bir bemor, ayniqsa bolalar sog‘ligi uchun shifokorlar javobgardirlar.
Bu shifoxonada saqlanayotganlar va ularning tashqarida turgan yaqinlari orasida «koronavirusga chalingan odam oramizga olib kelindi» degan gap tarqalib, shifokorlarning tushuntirishlariga qaramay keskin noroziliklar bildirilgan.
Keyinchalik bola boshqa ixtisoslashgan shifoxonaga joylashtirilib, reanimatsion chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ayni paytda bola o‘z kuzatuvchisi bo‘lgan bobosi bilan maxsus joyda va ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, koronavirusga oid laborator tekshiruvlar amalga oshirilmoqda. Bemor bu kasallikka chalingani ayni paytda tasdiqlanmagan.
Fursatdan foydalanib, shunday sinov davrida fuqarolarimizdan osoyishtalikni saqlab qolishni, vahimaga berilmaslikni, asossiz ma’lumotlar ta’siriga tushmaslikni yana bir bor so‘rab qolamiz. Unutmang, shifokorlar sizning sog‘ligingiz va xavfsizligingiz uchun har qachongidan ham ko‘proq qayg‘urmoqdalar.