SSV: Vrach va farmatsevtlarga malaka toifasini berish attestatsiyalari onlayn shaklda o‘tkaziladi
Sog‘liqni saqlash vazirining 2023 yil 5 sentyabrdagi tegishli buyrug‘i bilan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi huzuridagi vrachlar va farmatsevtlarga malaka toifasini berish bo‘yicha appelyasiya komissiyasi va jami 39 ta tibbiy yo‘nalishdagi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari tarkibi tasdiqlandi.
🌐 Ushbu attestatsiyalarni ZOOM dasturi orqali onlayn shaklda o‘tkazish tartiblari ham ishlab chiqildi.
📅 Mazkur yangi tartib shu yil sentyabr oyidan boshlab sinov tariqasida vrach va farmatsevtlarga, 2024 yil 1 yanvardan boshlab esa barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.
🔍 ZOOM dasturi orqali og‘zaki imtihon (suhbat) o‘tkazish Toshkent shahri va viloyati uchun Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi binosida zarur qurilmalar bilan jihozlangan xonalarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi mutaxassislar uchun Markazning hududlardagi ana shunday xonalarida o‘tkaziladi.
🧭 Imtihon jarayonida talabgor uchun "Random" dasturi orqali tasodifiy tarzda bilet tanlanadi.
⌛️ Biletlar 5 ta savoldan iborat bo‘lib, ularga javob berish uchun ko‘pi bilan 15 daqiqa vaqt beriladi va 10 ballik tizimda baholanadi.
📊 Imtihon yakunida "Random" dasturi umumiy ballarning o‘rtacha qiymatini hisoblab beradi va o‘sha zahoti e’lon qiladi.
💽 Vazirlik tomonidan bu jarayonlarni tashkil etishda texnik va dasturiy vositalar uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga zarur vazifalar yuklatildi, deya xabar bermoqda SSV axbrot xizmati.