“Subsidiya muammolari charchatdi, shartnoma qilingan, dastlabki to‘lov to‘langan, ammo uyimni ololmayapman”

“2022 yil 13 fevralda uy joy uchun subsidiya xabarnomasi olganman va Samarqand shahridagi “Agromir buildings” MChJ dan yangi uy uchun shartnoma qilganman. 2023 yil yanvar oyi oxirida uyim tayyor bo‘lganini, kadastr ma’lumotlari tayyorligini va bankdan kredit chiqarishim kerakligini aytishdi.

Kredit olish uchun bankka murojat qilganimda esa bank hodimlari subsidiyamda muammo borligini ma’lum qilishdi. Men subsidiyaga ariza topshirganimda Ishtixon tumanida doimiy ro‘yxatda turgandim, ammo arizam Samarqand shahridagi tegishli tashkilotlar o‘rganib chiqqanligini va subsidiya ajratilganini aytishdi. Bu esa amaldagi tartibga zid ekan. Mazkur holatda moliya vazirligi menga kredit ajratmas ekan. Shu qanchalik to‘g‘ri?

Samarqand shahar hokimiyatiga borganimda esa bu xatolik o‘rganib chiqilishini va subsidiya muddati o‘tsa ham muammo ijobiy hal bo‘lishi, kutishimni so‘rashdi. Bu yerda yana shuni ham bildimki aynan meniki kabi muammoga duch kelganlar ko‘p ekan.   

Mana, ikki oydirki muammomiz hal bo‘lgani yo‘q. Uy uchun boshlang‘ich to‘lov qilganman, uy tayyor, ammo masalaga yechim yo‘q. Hokimiyatga borsak faqat va’da berishyapti, Prezident qabulxonasiga murojaat qilsak yana hokimiyat javob berayabdi. Hokimlik “propiska” muammosi borlarni ro‘yxatini tuzganda 400 dan oshiq odam ekanmiz. Demak, Samarqandda 400 dan oshiq odam muammoli subsidiya tufayli o‘z uylarini ololmay halak bo‘lib yuribmiz. Bu masalaga yechim ko‘rsatadigan tashkilot bormi?

Aziz Nishonov, Ishtixon tumani, Beshariq mahallasi”.