SUBSIDIYa: murojaat nega rad etiladi?
Ijtimoiy mezonlar tartibi haqida batafsil
Subsidiya nimaligini barchamiz yaxshi bilamiz. Subsidiya berilishi uchun mas’ul organlar vakillaridan shakllantirilgan maxsus komissiya ariza beruvchilarga mezonlar bo‘yicha ball berishidan ham xabarimiz bor. Ya’ni, ana shu berilgan ballar asosida talabgorga subsidiya ajratiladi yoki aksincha. Xo‘sh, talabgorning arizasi qanday hollarda rad etiladi? Bunday bo‘lmasligi uchun qanday mezonlarga javob berish kerak? Bugun shular haqida batafsil to‘xtalmoqchimiz.
TALABGOR QAYSI MEZONLAR BO‘YIChA O‘RGANILADI?
Ariza beruvchining arizasi u ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidagi tuman yoki shahar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi:
tibbiyot birlashmasi — ariza beruvchi va uning oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar, birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning, yolg‘iz o‘zi og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan ayollarning mavjudligini;
ichki ishlar bo‘limi (boshqarma) — ariza beruvchining boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) yashashini;
moliya bo‘limi — taqdim etiladigan subsidiyalarning miqdori bo‘yicha ajratilgan mablag‘larning mavjudligini;
davlat soliq inspeksiyasi — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, turar joyda ijara shartlari asosida yashashi hamda ariza beruvchi va uning yaqin qarindoshlarining (arizada ko‘rsatilgan holatlarda) daromadlarini;
aholi bandligiga ko‘maklashish markazi — ariza beruvchining kam ta’minlanganligi, “Mehnat — migratsiya” dasturida ro‘yxatdan o‘tganligi hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligini (oshirganligini);
tuman (shahar) yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi — ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘i va farzandlarida mulk huquqi bilan turar joyning bor-yo‘qligi, yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi, uy-joy umumiy maydonining bir shaxs uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy normaga muvofiq emasligini;
tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari — ariza beruvchining og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar toifasiga mansubligini;
yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi — ariza beruvchining alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar toifasiga mansubligini;
tuman (shahar) hokimligi — ariza beruvchining yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar toifasiga mansubligini;
ishtirok etuvchi tijorat banklari — ariza beruvchi fuqaro (birgalikda qarz oluvchi)ning ajratiladigan ipoteka krediti bo‘yicha to‘lov qobiliyati, unga ajratilishi mumkin bo‘lgan ipoteka krediti va sotib olishi mumkin bo‘lgan uy-joyning yuqori qiymati, kredit tashkilotlaridan avvalgi olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklarning mavjud emasligini tasdiqlaydi.
“OYLIGIM KAM BO‘LSA-ChI?”
Shu savolga javob izlayotganlar e’tibor qiling. Agar ariza beruvchining o‘rtacha oylik daromadlari miqdori ko‘rsatilgan me’yorlardan kam bo‘lsa, uning daromadlari hisob-kitobiga xotini (eri), ular bilan bir uyda birgalikda yashovchi ota-onasi hamda farzandlarining (shu jumladan, asrab olingan farzandlari) yoki u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin.
Bunda ariza beruvchining o‘rtacha oylik daromadlari miqdoriga yaqin qarindoshlarining o‘rtacha oylik daromadlari miqdori qo‘shilganda va daromadlar miqdori ko‘rsatilgan me’yorlardan oshib ketgan taqdirda, uning faqat yetmagan qismi inobatga olinadi.
XO‘Sh, YaQIN QARINDOShLAR KIMLAR?
Yaqin qarindoshlar deganda ariza beruvchining ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalari va opa-singillari, eri (xotini), farzandlari, shu jumladan, farzandlikka olinganlar, bobolari, buvilari, nevaralari, er — xotinning ota-onasi tushuniladi.
ONLAYN ARIZA TOPShIRGANLAR QANDAY SARALANADI?
YaIDXP (my.gov.uz) orqali berilgan arizalar mas’ul tashkilotlar o‘rganib chiqish natijalariga ko‘ra kiritilgan ma’lumotlar asosida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi avtomatlashtirilgan tarzda ballar ko‘rinishida baholanadi. Baholash natijalari komissiyaga ariza beruvchi ishtirokida muhokama etish uchun yuboriladi.
QANDAY HOLLARDA SUBSIDIYa AJRATISh RAD ETILADI?
a) talab etiladigan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;
b) taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;
v) taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki soxta ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
g) ariza va tegishli hujjatlar qabul qilishning oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etilganda;
d) mas’ul tashkilotlar xulosalariga asosan jami 30 dan past ball to‘plaganda;
ye) ilgari shahar va qishloq joylarda arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joy hamda subsidiyalar olgan oila a’zolari (eri, xotini) takroriy murojaat etganda;
j) joriy yil uchun ajratiladigan subsidiyalar soni tugaganda;
z) ishtirok etuvchi bank tomonidan ariza beruvchi fuqaro (birgalikda qarz oluvchi) ajratiladigan ipoteka krediti bo‘yicha to‘lovga layoqatsiz deb topilganda;
i) ariza beruvchida kredit tashkilotlaridan oldingi olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lganda;
k) oilalarning o‘rtacha oylik daromadi:
qishloq joylarda — MHTEKMning 3,0 baravaridan kam va 6,9 baravaridan yuqori;
shaharlarda — MHTEKMning 3,0 baravaridan kam va 8,0 baravaridan yuqori;
Toshkent shahrida — MHTEKMning 3,0 baravardan kam va 9,2 baravaridan yuqori bo‘lganda.
Ma’lumot o‘rnida MHTEKM-822 000 so‘mni tashkil qiladi.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati