Sud-huquq tizimida shaffoflikni ta’minlashda jurnalistlarning o‘rni qanday bo‘lishi kerak?

Ushbu sohada yoritilayotgan materiallarda nega quruq axborot yoki dramatizm kuchli? Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda huquqiy jurnalistikani rivojlantirishning ahamiyati nechog‘lik?

Toshkentda «O‘zbekistonda sud huquq tizimi islohoti: OAVda yoritish” mavzusidagi seminar-treningda ushbu va boshqa savollarga javob izlandi.

USAID hamda O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan o‘tkazilgan seminarda Respublika hamda viloyatlardagi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Trenerlar Yo.Mamatova, B.Alimov O‘zbekistonda sud-huquq tizimi islohotining asosiy yo‘nalishlari, qonun ustuvorligi, sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligi va ochiqligini ta’minlash, fuqarolar huquqlarining ishonchli himoyalanishi kafolati bo‘yicha dolzarb vazifalar, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishda huquqiy jurnalistikaning roli va vazifalari xususida nazariy bilim va interaktiv o‘yinlar orqali mashg‘ulot o‘tishdi.

-  Sud-huquq tizimi ommaviy axborot vositalari orqali yoritilayotgan bo‘lsa-da, materiallarning barchasini sifatli deb aytolmaymiz, - deydi O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbari G.Bobojonova. - Sohada islohotlar olib borilayapti. Ammo sudlar faoliyati qaysidir ma’noda jurnalistlar uchun yopiqligicha qolmoqda. Bu masalada jurnalistlarning huquqiy bilimi yetarli emasligi pand beryapti. Ushbu seminar davomida aynan shu maqsadni, ya’ni jurnalistlarning huquqiy sohadagi salohiyatini oshirish, bu borada ular bilishi lozim bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishni ko‘zlaganmiz.

Gulruh MO‘MINOVA.