Sud-huquqiy tizimiga oid murojaatlar respublika rahbariyati tomonidan o‘rganilmoqda

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islomov rahbarligidagi ishchi guruh viloyatimizga tashrif buyurib, joylarda ommaviy qabullar o‘tkazmoqda.

Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu tadbirlarda Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar Oliy Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi rahbar xodimlari murojaatchilar muammosini tinglayapti.

Bunday muloqot dastlab Samarqand shahridagi yoshlar markazida tashkil etildi. Unda Samarqand shahridan tashqari Past Darg‘om, Nurobod va Samarqand tumanidan jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etdi.

- Joylarda muammolar yo‘q emas, bor, - deydi Sudyalar Oliy Kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov. - Bu tabiiy jarayon, ammo uni hal qilish uchun davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, joylarda bugungiday muloqotlar uzluksizligi doimiy diqqat markazimizda bo‘lishi shart. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda murojaatlar soni borgani sari kamayib bormoqda. Bunda albatta, olib borilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar ham muhim rol o‘ynamoqda. Misol uchun, davlat xizmatlari markazlarining tashkil etilish ham turli sarsongarchilik, byurokratik to‘siqlar oqibatida yuzaga keladigan murojaatlarni keskin qisqartirdi.

Umuman, qabullarga kelayotgan murojaatchilarni shartli ravishda bir necha toifaga bo‘lish mumkin. Bu, birinchidan, kam miqdorda bo‘lsa-da dardini aytib yengil tortadigan yoki masalasi yuzasidan respublika rahbariyatining fikrini eshitishni istaydiganlardir.

Ikkinchi toifa, bu chindan muammoga ro‘baro‘ kelgan, balki taqdir taqozosi bilan qiyinchilikka uchragan jismoniy yoki yuridik shaxslardir. Ayni mana shu toifa ichida huquqiy bilim va tushunchasi kam bo‘lganlari ham borki, bu bizning oldimizga alohida bir masala – tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zaruriyatini ham qo‘yadi.

Uchinchi toifa murojaatchilarni biz baribir rozi qilolmasligimizni alohida qayd etish lozim. Negaki, ularning muammosini hal qilish uchun mutasaddilar qonunni yoki adolat tamoyillarini buzishlariga to‘g‘ri keladi.

Ta’kidlash o‘rinliki, Prezident Administratsiyasi mas’ullari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi rahbarlari har bir murojaatda aytilgan masalani sohaga daxldor mutasaddilar ishtirokida ochiq-oshkora, eng muhimi, batafsil muhokama qildi. Shu bois, ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid muammoli masala va shikoyatlarning ko‘p qismi shu joyning o‘zida viloyatdagi mutasaddi tashkilot xodimlari zimmasiga yuklatilib, hal qilindi. O‘nlab murojaatchining ishini Oliy sudga taqdim qilish belgilangani shuncha fuqaroning vaqt va mablag‘ sarflab poytaxtga kelib-ketishining oldini oldi. Asosiysi, ular mazkur ishlari bilan bog‘liq barcha savollari yuzasidan Oliy sud mas’ullari bilan yuzma-yuz gaplashib oldi.

Bosh prokuratura mutasaddilari ko‘rib chiqqan masalalarning ham muayyan qismi joyida hal qilindi.

- Masalangizni viloyat prokurori o‘rganadi yoki boshqa bir mutasaddiga taqdim qilinadi, desak bunday ruhiyatingiz tushmasin, - dedi Bosh prokuror o‘rinbosari Shuhrat Uzoqov. - Negaki, qabulga kelib tushgan har bir murojaat qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqilishi Prezident administratsiyasi tomonidan qat’iy nazoratga olinadi. Qaysiki, joylardagi mutasaddilarning mas’uliyatsizligi yoki boshqa sabablar bilan qonun buzilishi va adolatsizlikka yo‘l qo‘yilmaydi.

Qabul davomida Ichki ishlar vazirligi mas’ullari tomonidan ham o‘nlab murojaatlar ko‘rib chiqildi.

Viloyatda uch kun davom etadigan ommaviy qabullar Oqdaryo va Toyloq tumanlarida ham o‘tkazilishi belgilangan. Mazkur qabullarga viloyatning barcha tuman va shaharlari aholisi qamrab olinadi.