Sud idorasida nega ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazildi?

Odatda, ta’lim muassasalarida ota-onalar yig‘ilishlari o‘tkaziladi va bunga o‘rganib ham qolganmiz. Bu kabi uchrashuvlarda asosan farzand ta’lim-tarbiyasi, uning kelajagi haqida so‘z yuritiladi.

Xo‘sh, sud idorasida nega ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazildi, bundan maqsad nima edi?

Samarqand viloyati sudi raisi Olim Hayitov viloyat sudi sudya va sud xodimlari bilan birga ularning ota-onalari, oila a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan ma’rifiy tadbir ishtirokchilarini “ota-onalar yig‘ilishiga xush kelibsiz” deb boshlar ekan, avvalo tadbir mohiyatiga to‘xtaldi.

–  Sizlarni bu yig‘ilishga taklif etishimizdan maqsad avvalo ishxonamiz, jamoamiz bilan tanishtirish – dedi O.Hayitov. – O‘g‘lingiz, qizingiz yoki turmush o‘rtog‘ingiz ishlayotgan idora, bu yerdagi sharoit, vazifa mas’uliyati va tartib-intizom bilan tanishtirishdir. Chunki, bu dargohning salobati bosadimi yoki tortinchoqlikmi, ko‘pchilik “Farzandim yoxud turmush o‘rtog‘im qanday sharoitda ishlarkan, jamoasi, hamkasblari qanday ekan?” deb kelishga tortinadi. To‘g‘ri, vaqti-vaqti bilan kelib xabar oladigan, uning ustozi yoki rahbariyatning fikrini so‘rab turadigan ota-onalar ham bor, lekin ular juda kam.

Mana hozir yig‘ilishda ishtirok etayotganlarning ko‘pchiligi bu dargohga birinchi marta kelgani sezilib turibdi. Vaholanki, farzandining ertasini, kelajagini o‘ylagan inson u ishlaydigan maskanga doimo kelib turishi kerak. Bu ishonmaslik emas, ma’nan qo‘llab-quvvatlashdir.

Shundan so‘ng, viloyat sudi raisi, sudya va sud xodimlari ma’naviyati, odobi va mas’uliyati, bugungi kun talablari, sud tizimidagi kadrlar siyosati, o‘z vazifasini vijdonan va talab darajasida bajarayotgan sudya va sud xodimlarining har bir yutug‘i albatta e’tiborga olinishi haqida tushuntirish berdi. Sudyalarning elektron reytingi shakllantirilayotganligi, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlari onlayn namoyish etilayotgani va bu orqali shaffoflik ta’minlanganligi, sudyalikka nomzod va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligi elektron baholanayotganini qayd etdi.

Shuningdek, korrupsiya illati haqida alohida to‘xtaldi.

– Halollik jamiyat rivojining asosiy mezonidir – dedi viloyat sudi raisi. – Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan sud tizimida halollik adolatni ta’minlashning asosiy omili. Sudyaning qarori nafaqat jinoyat yoki huquqbuzarlik qilgan bir insonning, balki uning ortida turgan oila a’zolari, yaqinlari hayotini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bu jarayonda adolat tarozisini to‘g‘ri ishlata bilish sudyadan avvalo, yuksak bilim, pok vijdon, halollik talab qiladi. Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan sud xodimlarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi, moddiy manfaatdorligi oshdi. Tizimda “ustoz-shogird” an’anasi yo‘lga qo‘yildi. Ana shunday paytda ularni oila a’zolari ham qo‘llab-quvvatlashi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi lozim. Ayniqsa, ota-onalar sudya farzandi necha yoshda bo‘lmasin, ularni tergab turishi, duo qilib, hamisha halol ishlashga da’vat etishi lozim, deb o‘ylayman.

Yig‘ilishda ishtirok etgan ota-onalar viloyat sudi raisining samimiy gaplaridan keyin uning fikrlarini ma’qullab, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

– Farzandim shunday dargohda ishlayotganidan faxrlanib yurardim. Lekin bugungi gaplardan faqat faxrlanish bilan cheklanmaslik kerakligini angladim, - dedi viloyat sudi sudya katta yordamchisi Ulug‘bek Qodirovning otasi Asadulla Qodirov. – Men farzandimga ishonsamda, baribir uni hushyorlikka chorlab turishim, ko‘proq suhbatlashishim, ma’nan qo‘llab-quvvatlashim kerak ekan. Ochig‘i, viloyat sudiga kelishga tortinardim. Viloyat sudi raisining gaplaridan, biz ota-onalar uchun doimo eshiklar ochiq ekanligini aytganidan ko‘nglim ko‘tarildi. Jamoadagi ahillik, samimiylikdan, rahbariyatning barcha yosh xodimlar qatori mening o‘g‘limning kelajagi haqida qayg‘urayotganidan xursand bo‘ldim.