Sudda qanday ishlar soddalashtirilgan tartibda ko‘riladi?

Sudlarga murojaatlar yil sayin ko‘payib bormoqda. Bu xalqimiz huquqiy madaniyati oshayotgani hamda sud organlariga ishonchi ortib borayotganidan dalolat. Ikkinchi tomondan bu holat sudlarda ish hajmining muntazam oshib borishiga sabab bo‘lyapti.

Ayrim ishlar bo‘ladiki, murakkab sud jarayonlarini talab qilmaydi. Shu sabab, 2019 yil 20 martdagi “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan Iqtisodiy protsessual kodeksiga (IPK) soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ishlar toifasi belgilandi.

Xususan, kodeks “Soddalashtirilgan tartibda ish yuritish” haqidagi bob bilan to‘ldirildi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ishlarda quyidagi:

- agar da’voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan - bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa besh baravaridan oshmasa, da’vo arizalari bo‘yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilishi lozimligiga;

- da’vogarning iltimosnomasiga ko‘ra, javobgarning roziligi bilan boshqa ishlar ham soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilishi mumkinligiga;

- korporativ nizolar bo‘yicha ishlar, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilmasligiga e’tibor qaratilishi lozim.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasiga doir talablar mavjud bo‘lib, soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasi Iqtisodiy protsessual kodeksning 149-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni ko‘rib chiqish xususiyatlari ham mavjud bo‘lib, javobgar da’vo arizasi yuzasidan yozma fikrini da’vo arizasining ko‘chirma nusxasi o‘ziga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘n besh kunlik muddatda sudga o‘zi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqliligi, yozma fikrga uning ko‘chirma nusxasi da’vogarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinashi, da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr javobgar yoki uning vakili tomonidan imzolanishi, vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga ishonchnoma ilova qilinishi kabilarni keltirib o‘tish o‘rinli.

Shuningdek, da’vo arizasining sudga yuborilishi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar tomonidan da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr taqdim etilmaganligi da’vo arizasini soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi. Belgilangan muddat o‘tganidan keyin sudga kelib tushgan da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr, dalillar va boshqa hujjatlar, agar ularni belgilangan muddatda taqdim etishning imkoni bo‘lmaganligi taraf tomonidan asoslantirilgan va ular sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar kelib tushgan bo‘lsa, qabul qilinadi. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ish da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish haqida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmagan muddatda da’vo arizasi yuzasidan yozma fikrni, dalillarni hamda boshqa hujjatlarni taqdim etish uchun belgilangan muddat o‘tganidan keyin sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori ixtiyoriy tartibda ijro etiladi. Bunday tartibda ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori, agar apellyasiya shikoyati (protesti) berilmagan bo‘lsa, qabul qilinganidan keyin o‘n kun o‘tgach, qonuniy kuchga kiradi.

Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha qaysi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar ixtiyoriy tartibda ijro etilmagan bo‘lsa, o‘sha hal qiluv qarori taraflarning iltimosnomasi bo‘yicha sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida, sud xarajatlarini undirishga taalluqli qismi esa sudning tashabbusi bilan majburiy ijro etilishi lozim.

Samarqand viloyati iqtisodiy sudlari tomonidan 2024 yilning 9 oyi davomida ko‘rilgan ishlarning 1227 tasi yoki 10 foizi soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilgan. Bu ishlarning 1164 tasi qanoatlantirilgan, 58 tasi qanoatlantirish rad etilgan, 1 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 4 tasi ish yuritishdan tugatilgan.

Mazkur iqtisodiy sudlarida da’vo talablari qanoatlantirilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 2 milliard 996 million 4 ming so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan.

Xurshid Tursunov,

Samarqand viloyati sudi raisi o‘rinbosari,

iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi.