Sudda videokonferensaloqadan foydalanish kishilarga qanday ko‘mak beradi?
Mazkur farmonda sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilinishini ta’minlash maqsadida hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish (o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha), tintuv qilish, tergov eksperimenti tarzidagi protsessual harakatlarni videoyozuv vositalaridan foydalangan holda majburiy videoda qayd etish kabi qoidalar belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, tergovni olib borishda guvoh, jabrlanuvchi va ayblanuvchini so‘roq qilish, yuzlashtirish va boshqa harakatlar uchun fuqarolar tergov organlariga keltiriladi yoki tergovchining o‘zi joylarga xizmat safari bilan boradi. Bu esa aksariyat hollarda Jinoyat-protsessual kodeksining 351-moddasida belgilangan tergov muddatlarining buzilishiga olib kelmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni tez va aniq fosh etish hamda tergov qilishda videokonferensaloqadan keng foydalanishi ana shu muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega.
Bu jarayon dastlab 2002 yil AQSh sudlarida joriy etilib, hozirgi kunda ham jinoyat protsessining barcha bosqichlarida qo‘llaniladi. Biroq AQShning jinoyat-protsessual qonunchiligida videokonferensaloqa orqali biror ko‘rsatmani olish asoslari belgilab berilmagan. Bunday masalalar okrug sudlari tomonidan ishni ko‘rish jarayonida o‘xshashligiga qarab hal etiladi.
Shuningdek, ayrim xorijiy davlatlarning qonunchiligi xalqaro topshiriqlarni bajarishda videokonferensaloqadan foydalanishni ham ko‘zda tutadi.
Xalqaro tajribani yurtimizda qo‘llash, xususan, jinoyatlarni tergov qilish jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish tergov samaradorligini oshirishda muhim qadam hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali videokonferensaloqadan foydalanishning asoslari, tartibi va mexanizmlari qat’iy belgilab qo‘yilishi sud-tergov faoliyatining takomillashishi, jinoyatni aniqlash qonunda belgilangan muddatda yakunlanishi, vaqt va mablag‘ning tejalishiga olib keladi.
Sobir ALIShAYeV,
Samarqand harbiy
sudining raisi.