Sudlanuvchilar qo‘yilgan ayblovlarga norozilik bildirib, o‘zlariga tan jarohat yetkazishdi

Ijtimoiy tarmoqlarda sudlanuvchilar sud zalida tomirlarini kesib, norozilik bildirgan aks etgan videolar tarqaldi.

Videolardagi ushbu shaxslar chinozlik Ahmadboyning yordamchisi, xalq orasida "Murodboy" nomi bilan tanilgan Mirzamurod Yunusaliyev va uning jinoiy sheriklari ekani aytilgan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, hodisa 2021 yil 25 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudida sodir bo‘lgan.

Joriy yilning 25 may kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va boshqa moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan va ayni vaqtda 1-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahbuslar:

M.Yunusaliyev (1984 yilda tug‘ilgan, 9 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019 yil 27 apreldan qamoqda),

G‘.Murodjonov (1987 yilda tug‘ilgan,7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019 yil 27 apreldan qamoqda),

A.Qudratov (1980 yilda tug‘ilgan, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019 yil 7 oktyabrdan qamoqda),

E.Sharipov (1987 yilda tug‘ilgan, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019 yil 7 oktyabrdan qamoqda),

S.Yulchiyev (1989 yilda tug‘ilgan, 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2019 yil 7 oktyabrdan qamoqda) lar Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudining 2021 yil 25 may kunidagi so‘rovnomasiga asosan boshqa jinoyat ishi bo‘yicha JIB Yangiyo‘l shahar sudiga yuborilgan.

Sud jarayoni davomida soat 15:30 larda, M.Yunusaliyev, G‘.Murodjonov va A.Qudratovlar sud tomonidan qo‘yilgan ayblovlardan noroziliklarini bildirib, qo‘llaridagi lezviya bo‘laklari bilan o‘zlariga o‘zlari tan jarohati yetkazgan, turli noo‘rin talablarni qo‘yib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.

Mahbuslarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular shu kuni soat 20:00 larda 1-son tergov hibsxonasiga olib borib topshirilgan, deyiladi IIV axborot xizmati xabarida.