Sudya lavozimiga munosibmi?
Bu savolga javobni kim beradi? Qachon munosib bo‘ladi?
Avvalo, lavozimga munosiblik masalasida to‘xtalib o‘tish lozim. Negaki, tizimda belgilangan rejalar, amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli bu masala dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunga alohida e’tibor qaratilgani bois mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu voqelikni alohida e’tirof etdi. Bu o‘z navbatida biz, sudyalar zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Qolaversa, tizimda zamonaviy metod va texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘z ustimizda tinimsiz ishlashni taqozo qilmoqda.
Umuman, Murojaatnoma barcha sohalarda bo‘lgani kabi sud tizimidagi islohotlarda ham yangi O‘zbekistonga munosib bo‘lishi alohida tilga olindi. Misol uchun, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, istiqlolning 30 yilligini “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida keng bayram qilamiz.
Tabiiy savol tug‘iladi, odamlar qachon erkin yashaydi? Qachonki, huquqlari kafolatlangan bo‘lsa. Qachon huquqlari kafolatlanadi? U yashayotgan jamiyatda sud qonunlarda belgilangan funksiya va vazifalarini to‘laqonli amalga oshirsa, adolatni ta’minlay olsa.
Bularning barchasi bugun mustaqil O‘zbekistonda amalga oshirilgan. Jumladan, Murojaatnomada qayd qilinganidek, “... bu yil sudlangan shaxslarning 74 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi”.
Birgina shu raqamning ortida qanchadan-qancha taqdirlar yotganini tasavvur qilishning o‘ziyoq odamlar erkin va farovon yashashi uchun qilinayotgan ishlar samarasini ko‘rsatib turibdi. Chunki qasddan sodir qilinmagan va eng muhimi, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat ijrochilari panjara ortiga tashlanmagani adolatli qaror emasmi? Qancha odamning jamiyatdan ajralib qolishining oldi olinib, ularning farovon hayot kechirishi uchun imkoniyat berilishi to‘g‘ri emasmi?
Sir emas, sud tizimida oqlov masalasida katta va ijobiy yangilik bo‘ldi. Murojaatnomada ham aytildi, “Sudlar mustaqilligi ta’minlanishi natijasida joriy yilning o‘zida 719 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi”. Ya’ni, shuncha odam huquqlari kafolatlanganiga o‘z taqdiri misolida guvoh bo‘ldi.
“Kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o‘zining yakuniy qarorini qabul qiladi.”
Demak, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar yangi yilda ham izchil davom ettiriladi.
Abduhakim Oltiboyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisining o‘rinbosari.