Sug‘d viloyati vakillaridan iborat delegatsiya Urgut tumaniga keldi

Mehmonlar tumanda barpo etilgan intensiv bog‘lar bilan tanishdi.

Mevani saqlash omborlari, sovutkichlar, baliq yetishtirish havzalari va issiqxonalarda bo‘lib, tuman bog‘larida yetishtirilgan sarxil mevalardan tatib ko‘rdilar.

– Urgut bog‘bonlarining mirishkorligi haqida ko‘p eshitganmiz, – deydi Sug‘d viloyati Bo‘ston shahri raisi Ra’no Hoshimzoda. – Bugun guvohi bo‘ldikki, ular haqiqatan ham meva yetishtirishning hadisini olishgan. Olma va boshqa mevalarni yesangiz, tanangiz yayraydi. Bizda ham mohir bog‘bonlar ko‘p. Demak, o‘zaro tajriba almashish har ikki tomon uchun foydali.

Mehmonlar "Urgut" erkin iqtisodiy zonasida ham bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu sanoat hududida bugun sendvich panellar, poliester tolasidan tikuv iplari, sun’iy va sintetik chiqindilardan noto‘qima mato va plastik mahsulotlar, paxta tolasidan gazlamalar, poliuretan xomashyosidan sun’iy teri mahsulotlari, gazlamalar, gilam, paypoq va poyabzallar, maishiy texnika jihozlari ishlab chiqarilmoqda.

Berilayotgan imtiyoz va yaratilayotgan qulay shart-sharoit tufayli tumanda sanoat va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishda xususiy sektor, kichik biznesning ulushi 99,9 foizni tashkil etyapti. Erkin iqtisodiy zonaning samarali faoliyati yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish, hu­dudda zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, to‘g‘­ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Tojikistonlik mehmonlarga sanoat sohasidagi yangi lo­yihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Nusrat BOBOYeV,

Jabbor NABIYeV (foto).