Sug‘diyona maskanida katta o‘zgarishlar ro‘y berishi kutilmoqda

Unda aytilishicha, Sug‘diyona maskanida joriy yilda 68 ta ko‘p qavatli uy-joyning tom, yerto‘la, ichki muhandislik tarmoqlari mukammal ta’mirlanadi, unga tutash hududlarni obodonlashtirish ishlariga 15,1 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Uy-joylar hovlilarida 11 ta bolalar maydonchasi, 15 ta kattalar sport maydonchasi, 17 ta aholi yig‘inlari uchun ayvon, 3 ta o‘yin maydonchasi va 1 ta avtomobillarni saqlash uchun avtoturargoh quriladi.
Maskan hududidagi ichki ichimlik suv tarmoqlarini to‘liq yangilash, hududni o‘rab turgan Ali Qushchi, Tong, Narpay ko‘chalarini hamda ichki 5,1 km uzunlikdagi yo‘llarni tungi yoritish hamda irrigatsiya tizimlari bilan birgalikda mukammal ta’mirlash belgilandi.
Yig‘ilishda ushbu maskanda amalga oshirish rejalashtirilgan ta’mirlash va bunyodkorlik ishlarini o‘z muddatlarida bajarishda aholining yaqindan hamkorlik qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, hududdagi noqonuniy qurilmalarni va garajlarni olish, xonadonlar ichidan o‘tgan umumiy foydalanishdagi issiqlik va issiq suv, sovuq suv va oqova quvurlarini almashtirish uchun ishchilarga shart-sharoit yaratish, ko‘p qavatli uy-joylarning fasad qisimni buzib turgan, yillar davomida uyning balkon qismida olib borilgan qo‘shimcha qurilishlarni buzib, balkonlarni asl holatiga keltirish, 9 qavatli uy-joylardagi liftlarning old qismi o‘rab turgan jihozlarni olib tashlash kabi ishlarni amalga oshirishda aholini faol bo‘lishga chaqirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 16 martdagi qarori bilan tashkil etilgan “Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi”ga 50 mln. dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘ viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik va yo‘l infratuzilmasini tubdan rekonstruksiya qilishga imkon berib, aholining kundalik yashash sharoitini yanada yaxshilashga zamin yaratadi.