Sukut saqlash huquqi yoki “Miranda qoidasi” milliy qonunchiligimizda aks etganmi?

1966 yil AQShning Arizona shtati politsiyasi ashaddiy jinoyatchi Ernest Arturo Mirandani bir nechta og‘ir jinoyatni sodir etganlikda gumon qilib hibsga olgan. Mirandaga so‘roq qilinishidan oldin uning gumonlanuvchi sifatidagi huquqlari tushuntirilmagani bois, u o‘z huquqlarini bilmagan holda aybiga iqrorlik ko‘rsatuvlarini bergan. Uning ko‘rsatuvlardan esa aybiga iqrorligiga isbot sifatida foydalanilgan va sudlangan.

Keyinchalik Mirandaning 73 yoshli advokati Elvin Mur tomonidan AQSh Oliy sudiga shikoyat taqdim etilgan. Shikoyatni ko‘rib chiqqan Oliy sud dastlabki sudning hukmini Miranda o‘z huquqlaridan xabardor qilinmaganligi sababli bekor qilgan.

Shu tartibda kelib chiqqan yuridik norma AQSh sud amaliyotida «Miranda huquqlari», deb nom olgan. Bugungi kunda AQShda har bitta politsiyachi hibsga olish jarayonida gumonlanuvchi shaxsga huquqlarini eslatib o‘tishi shart: “Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz aytganlarning hammasi sudda o‘zingizga qarshi foydalanilishi mumkin. So‘roq jarayonida advokatingiz qatnashishi mumkin. Agar advokat xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmasangiz, Siz davlat tomonidan advokat bilan ta’minlanasiz. Huquqlaringizni tushundingizmi?”.

Bu norma xalqaro huquqda ham qabul qilinib, u «Miranda qoidasi», deb yuritiladi.

Ta’kidlash lozimki, «Miranda qoidasi»ga o‘xshash tamoyillar amaldagi jinoyat protsessual qonunchiligimizda qayd etilgandi.

Xususan, Jinoyat-protsessual kodeksining 48-moddasiga muvofiq “Gumon qilinuvchi: o‘zining nimada gumon qilinayotganligini bilish; ushlab turilganligi va turgan joyi to‘g‘risida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoxud xabar berish; u ushlangan yoki gumon qilinuvchi, deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo‘lish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish” huquqiga ega.

Mazkur tamoyilning turlicha talqin etilishining oldini olish maqsadida Prezidentimizning sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan farmoni imzolangan.

Ushbu hujjat bilan ushlangan shaxsning huquqlari poymol bo‘lishining oldini olish maqsadida shaxs amalda ushlangan paytdan boshlab, tegishli mansabdor shaxs u bilan bog‘liq surishtiruv va tergov harakatlarini o‘tkazishdan oldin himoyachi bilan xoli uchrashuvni ta’minlashi shartligi haqidagi qoida nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, kodeksning 224-moddasi ham joriy yilning 14 mayidagi qonun bilan tahrir qilindi. Unga ko‘ra, ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxsni ushlab turishda quyidagi tartiblarga amal qilgan holda ushlab turishga haqli.

Bu vakolatli shaxs o‘zini tanishtirishi va ushlab turilgan shaxsning talabiga ko‘ra, o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi zarur.

Gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini ma’lum qilishi hamda ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi shart.

Bundan tashqari, ushlab turilgan shaxsga u bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi hamda ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishi shart.

Kodeksning mazkur tahriri “Miranda qoidasi” to‘la-to‘kis milliy qonunchiligimizda aks etganligini ko‘rsatib turibdi. Bu tabiiyki, jinoyat sodir etishda gumonlangan yoki ayblangan shaxsning huquq va erkinliklarini poymol qilmaslik imkonini beradi.

Ismatilla YO‘LDOShEV,

prokuratura faxriysi.