Sun’iy intellekt talabaning fikrlash, tahlil qilish qobiliyatini o‘ldiradi

Bugun hayotimizga ChatGPT, Grammarly, QuillBot, Copilot kabi sun’iy intellekt vositalari, dasturlar kirib keldi. Ular nafaqat axborot texnologiyalari mutaxassislari, balki oddiy foydalanuvchilarga, ayniqsa, talabalarga birmuncha imkoniyatlar yaratmoqda. Ammo bu imkoniyatlar foydalanuvchida savollar, xavotirlar ham paydo qilayotir.
O‘zi sun’iy intellekt talabalarga nima beradi? Ular bu imkoniyatdan qanday foydalanyapti? Bu talabalar uchun qulaylikmi yoki ishini oson qilishning bir vositasimi?
Avvalo, shuni unutmasligimiz kerakki, sun’iy intellekt vositalarining afzalligi uning tezkorligida va foydalanishda qulayligida. Masalan, ingliz tilida insho yozishda yoki ilmiy ish uchun zaruriy adabiyotlarni qidirish va tahlil qilishda sun’iy intellekt texnologiyalari katta yordam berishi mumkin. Grammatik xatolarni to‘g‘rilash, tarjima qilish, ilmiy izlanish, qisqa sharhlar olish, talabaning mavzularga oid bilimlarni o‘zlashtirishida yengilliklar berishi mumkin. Ayniqsa, vaqtni tejash, murakkab matnlarni soddalashtirish, fikrlarni to‘g‘ri ifoda qilishda sun’iy intellakt ularga ko‘makchi bo‘ladi. Qolaversa, o‘rganishga qiziqish uyg‘otadigan, interfaol muloqot shaklida bilim beruvchi texnologiyalar bugungi yoshlar uchun ayni muddao.
Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Afsuski, ko‘plab talabalar mustaqil fikrlashni yig‘ishtirib qo‘yib, sun’iy intellekt vositalaridan tayyor javoblarni olish manbai sifatida foydalanmoqda. Oqibatda o‘quv topshiriqlari, referatlar, hatto bitiruv malakaviy ishlari sun’iy intellekt orqali avtomatik yozilib, talabaning bilim olish, tahlil qilish ko‘nikmalari chetda qolyapti.
Bu holat media tili bilan aytganda «plagiat», ya’ni boshqalarning fikrini o‘g‘irlab uni o‘z ishi sifatida ko‘rsatish xavfini kuchaytirmoqda. Yana bir jihat borki, sun’iy yentellekt vositalari har doim ham to‘g‘ri va ilmiy asoslangan ma’lumot bermaydi. Noto‘g‘ri yoki kontekstdan uzilgan javoblar esa talaba ishi sifatini tushirib yuboradi.
Xo‘sh, bu o‘rinda o‘qituvchi va ta’lim tizimi nima qilyapti? O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish masalasi hali ham to‘liq tartibga solinmagan. Hozircha hech bir oliy ta’lim muassasasida bu vositalardan foydalanish bo‘yicha qat’iy me’yorlar yoki ko‘rsatmalar mavjud emas. Ba’zi o‘qituvchilar bu vositalarni tahdid sifatida ko‘rib, ularni o‘qitish jarayoniga integratsiya qilish yo‘llarini izlamoqda.
Aslida muammo vositada ham emas, undan foydalanishda mummmolarimiz ko‘p. Sun’iy intellekt yordamchi vosita bo‘lishi mumkindir. Ammo ular fikrlashning o‘rnini bosa olmaydi. Talaba sun’iy intellektdan bilimini mustahkamlash uchun ishlatsagina yutadi. Uni topshiriqdan qutulish vositasi sifatida ko‘rsa, o‘zini aldaydi xolos.
Bunda oliy ta’lim muassasalarida axloqiy va metodik yo‘riqnomalar, tanqidiy fikrlashga asoslangan baholash tizimi joriy etilishi muhim ahamiyatga ega. Talabalarga esa javob topishgina emas, o‘rtaga savol qo‘yish ko‘nikmasini berish lozim. Chunki savol berishni bilgan talaba sun’iy intellekt kabi vositalardan foydalanuvchi emas, o‘zi fikrlaydigan, izlaydigan va o‘z yo‘lini topadigan shaxsdir.
Muqaddas RAHMIDDINOVA,
SamDChTI o‘qituvchisi.