Sun’iy yo‘l notekisligi o‘rnatishda tartib bor, noqonuniylariga chora-chi?
Mavzu, xususan, bu masala anchayin bahslarga sabab bo‘lgani bor gap. Biz bu borada bir qator boshqaruv organlariga so‘rovlar yuborib, tayinli javob ololmaganmiz. Xo‘sh, qonunchiligimizda bu borada qanday tartib qo‘yilgan?
Maqolani boshlashdan avval kichik bir eslatma: hududingizda mavjud sun’iy yo‘l notekislik(lar)i noto‘g‘ri yoki harakat qatnashchilariga noqulay, deb o‘ylayapsizmi? Shunday bo‘lsa, fotosuratlarini ilova qilib, viloyat transport, standartlashtirish va metrologiya boshqarmalariga murojaat qilishingiz mumkin. Bu idoralar sun’iy yo‘l notekisligi DYHXX ("GAI") bilan kelishilganligi va davlat standarti talablariga muvofiqligi haqida xulosa bersa, hammasi joyida. Aksincha bo‘lsa, quyidagilarni o‘qib chiqing.
Nega yoki qayerda o‘rnatiladi?
Avvalo, mazkur savolga javob berishga harakat qilamiz: «Sun’iy notekisliklar. Umumiy texnik talablar. Qo‘llash tartibi» nomli O‘zbekiston davlat standarti ishlab chiqilgan. Hujjat O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2019 yil 1 iyuldagi qarori (05-1046-son) bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, sun’iy notekislik – yo‘l qismida yo‘l o‘qiga perpendikulyar tarzda joylashgan, tezlikni majburiy pasaytirish uchun mo‘ljallangan maxsus balandlik. U transport vositalari tezligini ruxsat berilgan 40 kilometr/sekund ko‘rsatkichigacha pasaytirish uchun yo‘llarning alohida joylarida o‘rnatiladi.
E’tibor qiling:
Sun’iy notekisliklarni xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar, yo‘laklar soni 4 va undan ortiq bo‘lgan respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘llar (aholi soni 1000 kishidan ortiq bo‘lgan qishloq va shaharlar bo‘ylab o‘tgan yo‘llardan tashqari), jamoat transporti to‘xtash maydonchalari yoki ularga qo‘shni harakat yo‘laklarida, ko‘priklar, ko‘prik yo‘llar, osma ko‘priklar, tunnellar va ko‘prik osti yo‘llarida o‘rnatish mumkin emas.
Bilasiz, ogohlantiruvchi belgilar haydovchilarga xavfli yo‘l qismiga yaqinlashayotganligi haqida axborot berib, unda harakatlanishda sharoitga qarab tegishli chora ko‘rishni talab qiladi. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 aprelda tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida Qoidalar o‘sha yil 1 maydan yangi tahrirda amalga kiritilishi belgilangan. Hujjat ilovasida “1.31. «Sun’iy yo‘l notekisligi». Yo‘lning sun’iy notekislik o‘rnatilgan qismiga yaqinlashayotganligi to‘g‘risida ogohlantiradi. Transport vositasining harakatlanish tezligini majburiy tarzda kamaytirish uchun qo‘llaniladi,” deyilgan.
Belgi o‘zi yana bitta alohida mavzu. Ammo sanab o‘tilganlaridan sun’iy yo‘l notekisligini kim, qayerda xohlasa o‘rnatib bo‘ymasligini anglash mumkin.
Qanday o‘rnatiladi?
Standartga ko‘ra, sun’iy notekislikning konstruksiyasi ishlab chiqarish texnologiyasidan kelib chiqqan holda yaxlit va yig‘ma turlarga bo‘linadi. Qay biri o‘rnatilishidan qat’iy nazar uzunligi yo‘lning enidan kalta bo‘lishi mumkin emas (har ikkala tomonda 0,2 metrdan ortiq bo‘lmagan cheklanish bo‘lishi joiz).
Joylarda sun’iy notekislikning o‘rnatish uchun yo‘l hududida oqova ariq tashkillashtirish zarur. Yuqorida ham aytdik, haydovchilar sun’iy notekisliklar haqida yo‘l belgilari yordamida oldindan ogohlantirilishi zarur.
“Yo‘l harakati qoidalari”ning 4-bandi 2-xatboshisida, tegishli vakolatga ega bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘llarda “sun’iy notekislik” qurilmalarini o‘rnatish taqiqlanadi deb belgilangan. Shu qoidalarning 183-bandi 14-xatboshisiga ko‘ra, tegishli mansabdor va boshqa shaxslar tomonidan yo‘llarda sun’iy notekislik va shlagbaumni o‘rnatish DYHXX bilan belgilangan tartibda kelishilishi shart. Xullas, sun’iy notekisliklar davlat standartiga (O‘z DSt 3403:2019) muvofiq o‘rnatilishi talab etiladi.
Umuman, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan “2018 - 2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash Konsepsiyasi” tasdiqlangan. Hujjat asosida ayrim joylarga belgilangan tartibdi sun’iy yo‘l notekisliklari o‘rnatilgan bo‘ldi.
Ammo ...
Yashirib nima qildik, yo‘l-transport hodisalari sodir etilishi xavfi yuqori bo‘lgan avtomobil yo‘llari uchastkalarida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun mas’ul tuzilmalar yetarlicha e’tibor berayotgani yo‘q. (Yuqorida qayd qilingan konsepsiyada belgilangan 15-raqamdagi tadbirlarga qarang) Misol uchun, piyodalar, ayniqsa, bolalarni mashina urib yuborish xavfi bo‘lgan joylarda sun’iy yo‘l to‘siqlarini majburiy o‘rnatish bo‘yicha qat’iy me’yor yoki qoida yo‘q. Bunga aniq mas’ullar belgilanmagan. Shu bois, aksar hollarda fuqarolar, korxona va tashkilotlar o‘zlari – mustaqil tarzda inson hayotini muhofaza qilish choralarini ko‘rmoqda.
Oqibati - javobgarlik ...
Zarurat bor joylarni tushundik. Ammo hech bir ehtiyoj bo‘lmagan joylarda sun’iy notekisliklar o‘rnatib olinayotgani ham yana bir mavzu. Standartga javob bermaydigan yoki yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan kelishmagan holatlar javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Umuman, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra, avtomobil yo‘llari qaysi yuridik shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha sub’yektlar bilan oldindan kelishmasdan, kanallar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, quvurlar, temir yo‘llar hamda boshqa kommunikatsiyalar — avtomobil yo‘llarini kesib o‘tishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Avtomobil yo‘llaridagi yoki ularning ayrim uchastkalaridagi harakatlanishni cheklash yoki ta’qiqlash – unga egalik qilayotgan yuridik shaxslar tomonidan berilgan ruxsatnomalar asosidagina amalga oshirilishi kerak.
Shu o‘rinda yana bir mulohaza, sun’iy notekislik bo‘yicha avval davlat standarti ishlab chiqilgan, u keyinchalik sun’iy yo‘l notekisligi tarzida Yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan. Bundan avvalroq, ma’muriy javobgarlik choralari belgilangan.
Jumladan, MJtKning 147-moddasi 1-qismida avtomobil yo‘llarida sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratganlik uchun fuqarolarga BHMning 2 baravari (660 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa 10 baravari (3 mln. 300 ming so‘m) miqdorida jarima nazarda tutilgan. Kodeksning 268-4-moddasiga ko‘ra, bunday ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining mansabdor shaxslari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi va ishni jinoyat ishlari bo‘yicha sudga oshiradi.
Buyam qiziq
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yana bir muhim qoida bor. Unga ko‘ra, “... yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaslik (bundan yakka tartibdagi uy-joy qurilish ob’yektlari mustasno) fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yoqubjon MARQAYeV.