Suriya prezidenti konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzoladi. Yana Boeing... yonmoqda. BMT sudyasi qullikda ayblanmoqda. Maradona shifokorlari ustidan sud jarayoni boshlandi

🔹 Suriyaning yangi prezidenti besh yillik o‘tish davri uchun konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzoladi. Deklaratsiyada avvalgi konstitutsiyasining ayrim qoidalari, jumladan, mamlakat prezidenti musulmon bo‘lishi va islom qonunlari asosiy manba bo‘lishi saqlangan.

🔹 Zelenskiy idorasi 30 kunlik sulh taqdirida Ukrainada saylov o‘tkazilmasligini ma’lum qildi. Ukrainada prezidentlik saylovlarini neytral kuzatuvchilar kafolatlagan barqaror o‘t ochishni to‘xtatish shartlarida o‘tkazish mumkin, deydi Ukraina prezidenti devonxonasi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak.

🔹 AQSh va Isroil G‘azo sektoridan falastinliklarni qabul qilish masalasini muhokama qilish uchun Sudan, Somali va tan olinmagan Somaliland hukumati bilan bog‘langani aytilmoqda. Ammo falastinliklarni joylashtirish taklif qilingan uchta joyda ham kambag‘al va zo‘ravonlik hukmron. Bu falastinliklarga va’da qilingan "chiroyli joy"ligiga shubha uyg‘otadi. AQShning joylashtirish taklifi rad etilgan.

🔹 Vladimir Putin Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi, biroq uning so‘zlariga ko‘ra, “nyuanslar” fundamental ahamiyatga ega, jumladan, Kiyev bu vaqtni qayta qurollantirish uchun foydalanmasligi kafolati. Ukraina prezidenti Zelenskiy Putinning gapini sharhlar ekan, uni “bashoratli va nayrang” deb atadi. Urushni tugatishga majbur qilish uchun Putinga bosim va sanksiyalar zarur. Tramp Putin bayonotini “ishonchli, ammo to‘liq emas” dedi.

🔹 Denver aeroportida American Airlines kompaniyasining Boeing yo‘lovchi samolyoti dvigatelida nosozlik tufayli favqulodda qo‘nishni amalga oshirgach, yona boshlagan. Samolyotdan 170 dan ortiq yo‘lovchi va ekipaj a’zosi evakuatsiya qilingan. 12 kishi tan jarohati olgan.

🔹 Falastin tarafdorlari namoyishchilar Nyu-Yorkdagi Tramp mehmonxonasini egallab oldi. Kolumbiya universitetining falastinlik talabasi Xalilning ordersiz hibsga olinishi va AQSh Davlat kotibi Rubioning HAMAS tarafdorlari AQShdan deportatsiya qilinishini aytgani norozilikka sabab bo‘lgan.

🔹 Moskva meri Sobyanin Moskvaga yana uchuvchisiz samolyotlar hujumi haqida xabar berdi. Ukraina droni Putinning Kremlga boradigan yo‘nalishidan 400 metr uzoqlikda, yana biri “Shabolovskaya” metro bekati yaqinida qulagan.

🔹 Pekinda Xitoy, Rossiya va Eron ishtirokida Eron yadro muammosi bo‘yicha ko‘p tomonlama yig‘ilish boshlandi.

🔹 Oltin narxi tarixda birinchi marta bir unsiya uchun 3000 dollarga yetdi. Narx o‘sishiga savdo mojarolari kuchayishi va AQShning bojlar tahdidi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

🔹 Oksford sudi BMT Xalqaro sud sudyasi Lidiya Mugambeni ugandalik yosh ayolni qo‘l mehnatiga majburlaganlikda aybdor deb topdi. Mugambe ayolni tekinga xizmatkor bo‘lib ishlashga majburlagan va haq to‘lanadigan ish qidirishni man qilgan. Sudya jabrlanuvchining asosiy huquqlaridan bexabarligidan foydalanib, uni ekspluatatsiya qilgan va haqoratlagan.

🔹 Oradan to‘rt yil o‘tib, Argentinada Diyego Maradona shifokorlari ustidan sud jarayoni boshlandi. Afsonaviy Diyego Armando Maradona 2020 yilda, 60 yoshida vafot etgan. Dastlab futbolchining yurak xurujidan vafot etgani, biroq aslida shifokorlar Diyegoni uzoq vaqt davomida o‘z holiga tashlab qo‘yishgani ma’lum bo‘lgan.

G.Xoldorova tayyorladi.