“Surxon tongi”ning bosmaxonasidan issiqxonasigacha

Surxondaryo viloyati hokimligi va xalq deputatlari viloyat Kengashi muassisligidagi “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyatining yangi binosi haqida eshitgandik, lekin ko‘rmagandik. Yaqindagi Termizga safarimiz chog‘ida ushbu tahririyatga kirib o‘tdik.

Tahririyat shahar markazida joylashgan, ko‘rkam bino ekan. Juda yaxshi loyiha asosida did bilan qurilgan va jihozlangan.

Eshikdan kirishda javonlarga terib qo‘yilgan kitoblar e’tiborimizni tortdi. Tahririyat bosh muharriri Salohiddin Norqobilovning aytishicha, bu joy kutubxona ekan.

– O‘zimizning xodimlar ham, boshqalar ham foydalanishlari mumkin, – deydi S.Norqobilov. – Uylariga olib ketib o‘qishadi va keyin keltirib qo‘yishadi. Shu kutubxonani tashkil etganimizdan buyon binoga keladigan mehmonlar “sizlarga va mushtariylaringizga sovg‘a” deya kitob hadya qiladigan bo‘lishdi. Muallif dastxati qo‘yilgan kitoblarni o‘qishning zavqi boshqacha bo‘ladi.

“Zarafshon” gazetasi kutubxonasi turkumidan” chop etilgan hamda samarqandlik ijodkorlar kitoblaridan, gazetalarimizdan olgandik. Bizning sovg‘alarimiz ham kutubxonadan joy oldi.

Gazetalar ijodiy xodimlari binoning ikkinchi qavatidagi xonalarda o‘tirar ekan. Dastlab ular bilan uchrashib, fikr va tajriba almashdik.

“Surxon tongi” 6 ming, “Zarya Surxana” 1000 nusxada haftada bir martadan chop etilayotgan ekan. Katta va salohiyatli viloyat uchun bu kam, albatta, lekin bugun jamiyatda gazetalarga munosabatni hammamiz ko‘rib turibmiz. Nima ham derdik, muassislar surxondaryolik hamkasblarimizga bu borada yordam berishlariga umid bildirdik.

Ijodiy jamoa asosan, yoshlardan iborat ekan. Hammalari kun talabini yaxshi his qilar ekan, fikrlari tiniq, qarashlari aniq. Foydalanayotgan kompyuter va boshqa vositalari, axborot tizimlari, dasturlari zamonaviy, boshqalardan kam joylari yo‘q. Ikki-uch nafar xodim gazetalar sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga mas’ul. Tunu kun eng sara, asosan Surxondaryo va surxondaryolik hayoti bilan bog‘liq xabar va maqolalar berib borishlarini aytishdi. 

Tahririyatning bosmaxonasi borligini eshitgandik. Shunga qiziqdik.

– Bosmaxona pastda. Darrov o‘sha yerga olib bormadim, maqtanyapti, deb o‘ylamanglar degan fikrda, – dedi bosh muharrir.

Bino bilan yonma-yon, birinchi qavatdan o‘tib boradigan bosmaxonaga kirdik. Hindistondan keltirilgan zamonaviy qurilma ekan. Viloyat gazetalari bilan birga tuman, shahar nashrlari ham shu yerda, A-2, A-3 formatda, rangli chop etilishini aytishdi. Avvalgi yillarda gazetalar nusxalari ko‘p bo‘lgan, lekin bu yil tirajlar biroz kamaygan. Lekin hech kim oyligidan, olayotgan pulidan nolimadi. “Xudoga shukr, nasibaga yarasha olyapmiz”, deyishdi. Shukr qilishda baraka bor, deganlari rost-da.

Bosmaxona yonida xodimlar uchun sportzal tashkil qilingan ekan. Stol tennisi, bir nechta trenajyorlar mavjud. Xodimlar har kuni tushlik paytida va boshqa bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanisharkan.

Keyin muharrir bilan birga oshxonani ko‘rdik. Xodimlar, 25 kishi shu yerda bepul tushlik bilan ta’minlangan.

– Endi hovliga chiqamiz, juda katta emasu, lekin har bir qarich yerdan unumli foydalanganmiz, – dedi Salohiddin Norqobilov bizni hovli tomon boshlab.

Rostdan ham kichkina hovlidan samarali foydalanishibdi. Qariyb ikki sotixcha yerda issiqxona tashkil qilingan. Yaqinda bodring, pomidor ekishibdi. Issiqxonaning yonidagi kichik joy ham bo‘sh qolmagan – kartoshka urug‘i qadab qo‘yilgan.

Bosh muharrirning aytishicha, mana shu yerdan yil davomida oshxona uchun kerakli sabzavotni olisharkan. Ochig‘i, bu omilkorlikka, surxonliklarga xos yerdan samarali foydalanish madaniyatiga havas qildik.

Xullas, surxonlik hamkasblarimiz faoliyati bilan qisqagina tanishuvimiz foydali bo‘ldi. Nimadir o‘rgandik, nimadir tajribamiz haqida gapirib berdik. Muhimi, ijodiy hamkorlik qilishga kelishib oldik.

G‘olib HASANOV.