Surxondaryoda topilgan yangi tug‘ilgan chaqaloqning onasi qidirilmoqda
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi bozor hojatxonasiga tashlab ketilgan yangi tug‘ilgan chaqaloq topib olingani haqidagi video tarqalgan edi.
Unda shifokorlar, IIB xodimlari va boshqalar chaqaloqni jonlantirishga urinayotgani tasvirlangandi.
Chaqaloqning onasi tasviri bozordagi kuzatuv kameralariga tushib qolgan va ayni vaqtda u qidiruvga berilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati chaqaloqning hayoti saqlab qolingani va uning ayni vaqtdagi holati haqida ma’lumot berdi. Ma’lum bo‘lishicha, yangi tug‘ilgan chaqaloq 2 iyul kuni Denov tumanidagi «Lolazor» buyum bozori hududidagi hojatxonadan topilgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari va tez tibbiy yordam shifokorlari chaqaloqqa voqea joyida birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatishgan. Chaqaloq 2-sonli viloyat perinatal markaziga og‘ir ahvolda olib kelingan va uning hayoti saqlab qolingan.
Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy muolajalardan keyin chaqaloqning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lib turibdi. Ayni paytda tibbiyot xodimlari tomonidan sun’iy oziqlantirilmoqda. Chaqaloq jinsi - qiz bola, og‘irligi - 3500 gramm, bo‘yi - 50 santimetr.
Hozirda chaqaloqning ahvoli Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratiga olingan.