Suv va oqova tizimlarini yangilashda xalqaro tashkilotlar faol ishtirok etmoqda

Samarqand shahrida “O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv xizmatlari barqarorligini oshirish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Jahon banki va Shveysariya hukumati ko‘magida tashkil etilgan tadbirda yurtimizdagi mazkur soha mas’ullari, xalqaro moliya institutlari vakillari va ekspertlar, hukumat vakillari, investorlar ishtirok etmoqda.
Konferensiya avvalida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov, Shveysariyaning mamlakatimizdagi elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari, hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Andrin Fink, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Tatiana Proskuryakova so‘zga chiqib, suv infratuzilmasini rivojlantirish aholi farovonligini oshirish bilan birga mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ham ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar. Ayniqsa, bugun dunyoda iqlim o‘zgarishlari, toza ichimlik suvi global muammoga aylanib borayotgan paytda sohada zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, suv resurslaridan samarali foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd qilindi. Bu borada O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017–2024 yillarda yurtimizda ichimlik va oqova suv sohasini rivojlantirishga 27,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shundan 1 milliard AQSh dollari xalqaro moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu orqali 7,7 milliondan ortiq aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ulanib, hayot sifati sezilarli darajada yaxshilandi.
– “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan o‘nga yaqin xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda umumiy qiymati 2,436 milliard AQSh dollaridan ortiq 25 ta loyiha amalga oshirilmoqda, – deydi “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov. – Bu mablag‘larning 627 million AQSh dollari allaqachon o‘zlashtirilgan bo‘lsa, qolgan qismi 2025–2027 yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Jumladan, Jahon banki bilan umumiy qiymati 310 million AQSh dollariga teng 4 ta loyiha amalga oshirilgan va hozirda 3 ta yangi loyiha doirasida 47 million AQSh dollarilik investitsiya o‘zlashtirilmoqda. Ushbu loyihalar nafaqat infratuzilmani rivojlantirish, balki xizmatlar sifatini oshirish, iste’molchi bilan munosabatlarni takomillashtirish va mahalliy mutaxassislarni tayyorlash kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Bundan tashqari, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida 611,7 million dollarlik 5 ta, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 420 million dollarlik 7 ta, Osiyo infratuzilma investitsiya banki hamkorligida 633,5 million dollarlik 2 ta, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va OPEK bilan 126,5 million dollarlik 3 ta hamda Fransiya taraqqiyot agentligi va ushbu davlatning SUEZ kompaniyasi yordamida 3 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda umumiy qiymati 2,179 milliard dollarlik 21 ta loyiha doirasida 453,5 million dollar miqdoridagi xalqaro moliyaviy mablag‘larni o‘zlashtirish belgilangan. Bu loyihalar doirasida 9484,4 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 3268,9 kilometr oqova suv tarmoqlari tortiladi. 18 ta suv olish inshooti, 32 ta oqova suv tozalash inshooti qurilishi va 483 ming dona zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Xususan, Toshkent shahri va viloyati, Qashqadaryo, Namangan, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– Bugungi kunda O‘zbekistonda aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 80 foizdan oshdi va bu jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti me’yorlariga mos keladi, – deydi Jahon banki vakili Odete Duarte Muximpua xonim. – Bu O‘zbekiston hukumatining ushbu sohaga juda katta e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi. Shuning uchun Jahon banki ham O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida bankimiz ko‘magida uchta loyiha amalga oshirilyapti. Jumladan, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri aholisining ichimlik va oqava suv ta’minotini yaxshilash loyihasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Va bundan keyin ham biz bu borada hamkorlikda ishlashga tayyormiz.
Konferensiyada O‘zbekistonda suv infratuzilmasining joriy holati va islohotlar jarayoni, xalqaro moliya institutlari bilan amaldagi va istiqbolli hamkorlik loyihalari, “O‘zsuvta’minot” AJning moliyaviy barqarorligini ta’minlash strategiyasi, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlari va yangi tashabbuslar muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, anjuman qatnashchilari Samarqand viloyatidagi suv ta’minoti korxonalari va suv inshootlari faoliyati bilan ham tanishadi.