Suyultirilgan gaz ballonlarini "tuya" qilgan xodimlar qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari bilan hamkorlikda suyultirilgan gaz mahsulotini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish holatining oldini olish bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida “Bulung‘urtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz ta’minoti xizmati xodimi E.A. o‘z boshqaruvida bo‘lgan "ISUZU" avtomashinasidagi 110 dona maishiy gaz ballonlarining 90 donasini hamkasbi U.B. bilan birgalikda tumanning mahalla aholi xonadonlariga tarqatib, qolgan 20 dona gaz ballonini Farhod shaharchasi hududida bo‘lgan "Labo" rusumli avtomashinaga, shuningdek, “Pastdarg‘omtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati xodimi N.T. boshqaruvida bo‘lgan "ISUZU" avtomashinasidagi 110 dona maishiy gaz ballonining 80 donasini hamkasblari R.J. va X.A. bilan birgalikda tumanning mahalla aholi xonadonlariga tarqatib, qolgan 30 dona gaz ballonini boshqa bir mahalla hududida fuqaro N.S. boshqaruvidagi "Damas" rusumli avtomashinasiga noqonuniy ravishda yuklayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu har ikkala holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv tadbirlari olib borilmoqda.