Tabiiy gaz quvuriga noqonuniy ulanib olgan “tadbirkor” ushlandi
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan Samarqand tumani “Qaynama” mahallasi hududida joylashgan “Gold invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo‘lgan pardozlash g‘isht pishirish sexida tabiiy gazdan foydalanish tartibi o‘rganildi.
Aniqlanishicha, “Gold invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari T.Turanov Samarqand tumani hududida joylashgan 3-son sanoat zonasiga o‘tib ketadigan Past Darg‘om tumani aholisiga tabiiy gaz yetkazib berish uchun mo‘ljallangan 426 diametrli quvurga 20 diametrli shlang orqali noqonuniy ulanib olganligi ma’lum bo‘ldi.
Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali tomonidan taqdim qilingan xulosaga ko‘ra, 99.367.36 metr/kub tabiiy gaz uchun 99 mln. 367 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
T.Turanovning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 185(2)-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bo‘lsa-da, mazkur moddaning 6-qismida birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etilishi tushuntirildi.
Qilmishining oqibatini yaxshi tushungan “Gold invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari T.Turanov tomonidan davlatga yetkazilgan zarar qoplab berildi.
Majburiy ijro byurosi
Samarqand viloyat boshqarmasi.