Tadbirkor doim haqmi? Bulung‘urda 9 yillik muammoga qanday yechim topiladi?

Xalqimizda “Mol achchig‘i - jon achchig‘i”, degan naql bor. Ammo zamona zayli bilan bu naql yer achchig‘i – jon achchig‘i qabilida o‘zgargandek nazarimizda. Bu xulosaga kelishimizga Bulung‘ur tumanida yashovchi tadbirkor Xo‘rozboy Yakubovning murojaati sabab bo‘ldi.

2011 yil 15 iyulda Bulung‘ur tumani hokimining 365-Q-sonli qarori bilan Bulung‘ur shahri Sohibkor ko‘chasidan Xo‘rozboy Yakubovga 96 kvadrat metr maydonda zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablari asosida ikki qavvatli xususiy savdo do‘koni qurishga ruxsat berilgan. Shu bilan birga qayta qurish ishlarini shaharsozlik talablari hamda tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida 1 yil muddatda amalga oshirish, qurilish ishlari tugallanganda binoni tuman kadastr xizmatidan qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazish va hudud atrofida ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan.

Murojaatni o‘rganish uchun Bulung‘urga borganimizda X.Yakubovni savdo do‘konidan topmadik, do‘kon xodimlari telefon orqali bog‘lanishganda u kishi avval uyda ekanligini bildirdi. So‘ngra murojaatingiz bo‘yicha o‘rganishga kelishibdi, degan gapdan keyin Samarqand shahrida ekanligini bildirdi. Xullas, kech soat 18 dan keyin X.Yakubov bilan uchrashdik.

- Binoni tuman hokimining 2011 yildagi qarori bilan qurdim va menga bino atrofini ko‘kalamzorlashtirish vazifasi ham yuklatilgan, - deydi X.Yakubov. – Ammo tadbirkor G‘ulom Boybekov bir nechta mansabdorlar ishtirokida dalolatnoma tuzib, hokimning zaxiraga olish, yer berish to‘g‘risidagi qarorisiz obodonlashtirishim kerak bo‘lgan maydonni egallab oldi. Qonunchilikka ko‘ra yer hokimning qarori bilan berilishi kerak edi. Natijada u menga viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan berilgan loyihada ko‘rsatilgan ishlarni bajarishimga to‘sqinlik qildi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan joy bo‘yicha tuman hokimligi, tuman, viloyat prokurorlari, viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qildim. Ular murojaatimga e’tiborsiz qarayotganligi va chora ko‘rmaganligi tufayli viloyat hokimining qabulida bo‘lib muammoni bildirdim. Hokim topshirig‘i bilan viloyat adliya boshqarmasi mas’ullari boshchiligida komissiya kelib masalani o‘rgandi va yerni o‘zboshimchalik bilan egallab oldi, degan fakt o‘z tasdig‘ini topdi, lekin hozirgacha hech qanday chora ko‘rilmadi. Bu masala dastlab Jomboy tuman iqtisodiy sudida, so‘ng viloyat iqtisodiy sudida ko‘rildi, biroq yer hokim qarorisiz berilganligiga e’tibor qaratmasdan qaror chiqarishdi. Men ko‘kalamzorlashtirishim kerak bo‘lgan maydonni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holati bo‘yicha viloyat hokimiga takroran murojaat qildim.

Tadbirkor aytganidek, bino 2011 yilda qurilib ishga tushirilgan, ammo ikkinchi qavati hamon foydalanilmasdan kelinmoqda. Tuman hokimligi 2012 yilda tadbirkor qonuniy asosda qurgan binoni o‘z hisobidan buzib, shaharsozlik talablari asosida qayta qurish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan. Nega?

Biz bu savol bilan tuman hokimligi mutasaddilari, xususan, tuman bosh arxitektori To‘lqin Musayevga murojaat qildik.

- Tumandagi soha mutaxassislari ishtirokida bino o‘rganilganda qurilish qoidalarini buzib ikki qavatli bino sifatsiz va chidamsiz materiallardan qurilganligi va qarorda belgilangan talablar bajarilmaganligi aniqlanib, sudga ariza kiritilgan, - deydi tuman bosh arxitektori T.Musayev. – Qaror bo‘yicha tadbirkorga 96 kvadrat metr yer maydoni ajratilgan, lekin u qaror talablarini buzgan holda 121 kvadrat metr, ya’ni 25 kvadrat metr ortiqcha maydonda xususiy savdo do‘koni qurgan. Buning ustiga qurilishda sifatsiz materiallardan foydalanilganligi aniqlandi. Shu bois fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi va viloyat sudi X.Yakubovga xususiy savdo do‘konini o‘z hisobidan buzib, belgilangan joyda shaharsozlik talablari hamda tasdiqlangan loyiha asosida qayta qurish va kapital rekonstruksiya qilish majburiyatini yuklatgan. Bu haqda tuman arxitektura va qurilish bo‘limi, tuman Xalq qabulxonasi xodimlari ishtirokida bino bir necha bor o‘lchanib, dalolatnoma tuzilgan. Ko‘rinib turibdiki, tadbirkor obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishi lozim bo‘lgan maydonga ham bino qurgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudining 2012 yil 28 iyundagi kassatsiya instansiyasining ajrimida ham 2012 yil 15 maydagi qaror o‘z kuchida qoldirilgan. Yuqorida aytganimizdek, tuman hokimining qarori bilan X.Yakubovga xususiy savdo do‘koni qurish va atrofini obodonlashtirish uchun 96 kvadrat metr yer maydoni ajratilgan bo‘lsa-da, tadbirkor 121 kvadrat metrga, ya’ni belgilangandan 25 kvadrat metr ortiqcha maydonni noqonuniy egallab qurilish qilgan. Demak, tadbirkor obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishi lozim bo‘lgan maydonga bino qurib, loyihada ko‘rsatilmagan holda binoning old qismiga ayvon ham qilgan. Bu masala tuman, viloyatdagi mas’ul idoralardan iborat ishchi guruh, komissiyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ham bildirildi. Bir necha sud qarorlarida ham X.Yakubovga binoni o‘z hisobidan buzib, shaharsozlik talablari asosida qaytadan qurish majburiyati yuklatilgan. Ammo tadbirkor binoni belgilangan talabga moslashtirmaganligi tufayli ushbu bino qurilganiga 9 yil o‘tgan bo‘lsa-da kadastr idorasida ham, soliq idorasida ham ro‘yxatga olinmagan. Ammo u savdo faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.

Bino uchun yer va mulk soliqlari qanday to‘lanayotganligi to‘g‘risida ma’lumot olish uchun tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmadik. Shundan so‘ng tuman hokimligi axborot xizmati rahbari A.Jabborov orqali olgan ma’lumotimizga ko‘ra, X.Yakubov 2019 yil 1 fevraldan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni amalga oshirmoqda, noturar ob’yektga 2019 yil uchun 1541176 so‘m hisoblanib, 2 million 750 ming so‘m to‘lagan va qarzdorligi yo‘q, degan javob berildi. Bino foydalanishga qabul qilinmasdan kadastr hujjati tayyorlash, soliq idorasi ro‘yxatiga olinmasa ham bo‘larkan-da yoki faqat Bulung‘urda shundaymikan, bilolmadik?

Tadbirkor aytayotgan “yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olgan G‘.Boybekov” tuman hokimining 2015 yil 6 fevraldagi 119-Q sonli qaroriga asosan “Bulung‘ur dehqon bozori” hududida (Amir Temur va Sohibkor ko‘chalari o‘rtasida) joylashgan qishloq xo‘jaligida foydalanilmay turgan tuman zaxira yerlaridan “G‘ulomjon” firmasiga turg‘un savdo nuqtalari qurish uchun 350 kvadrat metr, avtomobillar to‘xtash joyi qurish uchun 0,20 gektar yer maydoni ajratilgan. 2018 yilda firmaning o‘z mablag‘lari hisobidan qurilgan bino foydalanishga qabul qilinib, kadastr va soliq idoralari bazasiga kiritilgan. Viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasining 2015 yil 18 sentyabrdagi 766-sonli arxitektura rejalashtirish topshirig‘iga asosan ajratilgan yer maydoni mutaxassislar ishtirokida o‘lchanganda 1960 kvadrat metr ekanligi aniqlangan. 2017 yil 4 dekabrda tuman hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi doimiy ishchi komissiyaning dalolatnomasiga asosan firma binosining g‘arb tomonidagi umumiy foydalanishda bo‘lgan yerdan 40 kvadrat metr maydon ishchilar uchun oshxona va qorovulxona qurish uchun hokimning yuqoridagi qaroriga asosan ajratib berilib, yer uchastkasi chegarasiga o‘zgartirish kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 2019 yil 22 fevraldagi X.Yakubovning murojaatiga yo‘llagan javob xatida ham yer qonuniy tarzda ajratilganligi ko‘rsatilgan.

Yuqorida keltirilgan dalolatnoma qanchalik qonuniy yoki g‘ayriqonuniy ekanligini huquq idoralari xodimlariga havola etamiz, lekin 2011 yilda binoni qurib ishga tushirgan X.Yakubovga do‘kon atrofini ko‘kalamzorlashtirishga yana necha yil kerak bo‘lgan?

- Shu masala yuzasidan bir necha bor sudlarda qatnashdik, tegishli mutaxassislar kelib ajratilgan yer maydonini o‘lchashdi, to‘g‘risi, o‘z ishimiz qolib kunlab turli idoralarda yurgan paytlarimiz ko‘p bo‘lyapti, - deydi “G‘ulomjon” firmasi rahbari Otabek Boybekov. – Binolarimiz qonun talablari asosida, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tasdiqlangan loyiha asosida qurilgan, lekin X.Yakubov har safar turli vajlar bilan ishimizga xalal beradi, negaligiga hayronman.

Viloyat hokimining topshirig‘i bilan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i boshchiligida masalani o‘rgangan ishchi guruh xulosasida X.Yakubov tuman hokimining qarorini buzgan holda 117 kvadrat metr joyda qurilish qilganligi ko‘rsatilgan. Buning ustiga loyihadan chetlashgan holda binoning ichki qismida qurilishi lozim bo‘lgan zinapoya 13,5 kvadrat metr piyodalar yo‘lagidan qurilgan, 64 kvadrat metr joyda noqonuniy ayvon, umumiy qurilish osti maydoni 96 o‘rniga 195 kvadrat metr ekanligi qayd etilgan.

 “G‘ulomjon” xususiy firmasi tomonidan 350 o‘rniga 567 kvadrat metrda qurilish ishlari bajarilganligi ko‘rsatilgan. Demak, “G‘ulomjon” firmasida ham qarordan ortiqcha 217 kvadrat metr qurilish qilinganu, ayrim mutasaddilar buni e’tibordan chetda qoldirishgan.

Masalaning yana bir bahsli tomoni X.Yakubovning savdo do‘koni va “G‘ulomjon” firmasining ishchilar uchun qurilgan oshxona binosi oralig‘idagi 23 kvadrat metr joy bo‘lmoqda. Bu joyni X.Yakubov loyiha asosida ko‘kalamzorlashtiriladigan maydon sifatida qarab, devor tortgan. 2018 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi va tuman iqtisodiy sudining hal qiluv qarorlariga asosan ikki bino orasidagi 23 kvadrat metr maydon X.Yakubovning noqonuniy egaligidan “G‘ulomjon” ko‘p tarmoqli savdo ishlab chiqarish xususiy firmasi ixtiyoriga o‘tkazilgan.

Shu hududda ko‘plab savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish manzillari joylashgan va aksariyatining maydoni 20-30 kvadrat metrdan oshmaydi. Lekin ular ham elga xizmat qilib, o‘ziga yarasha rizq-nasiba topmoqda. Ammo X.Yakubovning ortiqcha maydonda qurilish qilgani, buning ustiga yillar davomida binoni soliq va kadastr idorasidan ro‘yxatdan o‘tkazmay kelayotgani halol tadbirkorlik belgisimi?

Yer kimningdir shaxsiy mulki emaski, xohlagan kishi o‘z manfaati yo‘lida foydalansa. To‘g‘risi, ish hujjatlaridan ham ko‘rinadiki, tuman va viloyatdagi mas’ul tashkilotlarning deyarli barchasi bu masalani o‘rgangan, tadbirkorga tushuntirgan. Ammo...

Odamlar orasida tadbirkorga xalq dardini tushunuvchi, el yukini yengillatuvchi, yurt farovonligiga hissa qo‘shuvchi inson sifatida qaraladi. Lekin el xizmatiga bel bog‘lagan, odamlar havas qiladigan tadbirkorlar yillar davomida adovatlashib yursa, boshqalar kimga havas qiladi? Aslida bu tadbirkorlar “Davlat senga ishonch bildirdi, yer berdi, mulkdor bo‘lding, sen bunga javoban unga qanday naf keltirding? Qancha soliq to‘lading? Nechta ish o‘rni yaratding? Kimga foydang tegdi?», deb o‘ziga savol berarmikan? Axir ko‘pchilik kishilar tadbirkorlik qilib odamlarning farovon turmush kechirishiga ko‘maklashyapti, davlat va mahalliy byudjetga mablag‘ tushiryapti. Mehnati, harakati bilan o‘zini ham, davlatni ham boy qilyapti. Kim bo‘lmasin, savdo xodimimi, ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkormi, ana shu fikrni tanasida his etmasa tadbirkorlik mas’uliyatini ham, zavqini ham bilmaydi. Bundan X.Yakubov ham, O.Boybekov ham o‘zlariga to‘g‘ri xulosa chiqarsa yaxshi bo‘lardi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

“Zarafshon”ning maxsus muxbiri.