"Tadbirkor" elektr va gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, davlatga 5 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazdi

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorlikda o‘tkazgan tekshiruvda "nafsi hakalak otgan" Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqaro A.A. tomonidan tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan, tabiiy gaz va elektr energiyasiga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi.

Uddaburon "tadbirkor" qonunga xilof tarzda gaz va elektr manbalariga ulanib, 33 sotix yer maydonida 3 ta ohak sexi tashkil etgan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro A.A.ning noqonuniy faoliyati faqat bir hudud bilan cheklanib qolmagan. Kattaqo‘rg‘on tumanining Go‘zal mahallasi hududida joylashgan 2 ta uyda ikkitadan pech o‘rnatib, mazkur hududda ham tabiiy manbalarga o‘zboshimchalik bilan ulanib olib, noqonuniy ohak ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

Ochiqlangan qonunbuzarlik holatlari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. Yetkazilgan zararning dastlabki hisobi elektr energiyasi bo‘yicha 110 million so‘mni, tabiiy gaz bo‘yicha 5 milliard so‘mdan ortiq miqdorni tashkil qilgan.

Hozirda aniqlangan holat yuzasidan huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.