Tadbirkorga litsenziya berish to‘xtatildimi?
Ozod XONQULOV.
Akmal TURABOV, Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari:
- Yo‘q, siz noto‘g‘ri tushungansiz yoki kimdir sizga bu borada yolg‘on ma’lumot bergan.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan "Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga muvofiq tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki shaxsan o‘zi kelgan tartibda pochta manziliga muvofiq joylashgan joydagi davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun davlat tilidagi ta’sis hujjatlari, fuqarolik pasporti va davlat boji (EKOIH 1 barobari miqdorida) to‘langani to‘g‘risidagi hujjat taqdim qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tishda hech qanday litsenziya talab etilmaydi. Ushbu jarayon amalga oshirilgach, 30 daqiqa ichida markaz xodimlari fuqaroni tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi. Bundan tashqari, markaz xodimlari olis hududlarga chiqib, sayyor holda davlat xizmatlari ko‘rsatadi.
Agarda sizda davlat xizmatlari markazlari bilan bog‘liq biror tushunmovchilik, savol yoki e’tiroz bo‘lsa, davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasining 235-76-97 raqamli "ishonch telefoni"ga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Murojaatingiz e’tiborsiz qolmaydi.