Tadbirkorlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi
“Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanalida xabar berildi.
2021 yil 1 apreldan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlar barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.
Bunda:
➖ haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholash inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi;
➖ imtihonlar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida o‘tkaziladi;
➖ imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablag‘lar to‘liq hajmda uning tasarrufida qoladi;
➖ nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun asos bo‘ladigan maxsus himoyalangan sertifikatlar beriladi;
➖ maxsus himoyalangan sertifikatlarning barcha zarur rekvizitlari tadbirkor tomonidan davlat xizmatlari markazlari va ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan holda taqdim etiladi.