Tadbirkorlik sub’yektlari 1 yanvardan onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassadan foydalanishni boshlaydi
Bugun naqd pul tushumiga ega tadbirkorlik sub’yektlari va xaridorlarni onlayn nazorat-kassa mashinasi hamda virtual kassadan foydalanish masalasi qiziqtirmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning joriy yil 6 sentyabrdagi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq naqd pul tushumiga ega tadbirkorlik sub’yektlari bosqichma-bosqich onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tkaziladi.
Farmonga ko‘ra, dastlab 2020 yilning 1 yanvaridan alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon savdosi, avtomobillarga benzin, dizel va gaz yoqilg‘isini quyish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari onlayn nazorat-kassa mashinasi yoxud virtual kassadan foydalanishga o‘tadi.
– Viloyat bo‘yicha 2220 ta tadbirkorlik sub’yekti 2020 yilning 1 yanvaridan onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassadan foydalanishni boshlaydi, – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Saidkamol Ibragimov. – Ta’kidlash joizki, har qanday yangilikni muvaffaqiyatli joriy etishda targ‘ibot va tushuntirish ishlari muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlari tadbirkorlar huzuriga borgan holda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarning afzalligi, ulardan foydalanish tartibi xususida tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlik sub’yektlarining tushunchalarini kengaytirishdan iborat.
Darvoqe, onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlarga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi yoxud qat’iy belgilangan soliq summasini onlayn-NKMni 2021 yil 1 yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi.
Umid ALIMOV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.