Tadbirkorlik to‘xtamasligi davlat darajasida kafolatlandi

Bugun butun dunyo iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasining keng tarqalishi sabab, og‘ir damlarni boshdan kechirmoqda. Ushbu virusning jahon iqtisodiyotiga  salbiy ta’siri mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. Mamlakatimizda ham pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish borasida chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 3 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida pandemiya davrida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u berildi. Shu kuni “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining e’lon qilinishi o‘z vaqtida qabul qilingan muhim voqea bo‘ldi.

Farmonga ko‘ra, endilikda turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar 2020 yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. shuningdek, farmonda ko‘rsatilishicha, karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar to‘lash to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 apreldan yuridik shaxslar tomonidan gaz va elektr energiyasi bo‘yicha oldindan xaq to‘lash majburiy talabi 100 foizdan 30 foizga tushirildi.

Ushbu imtiyozni korxonamiz misolida gapiradigan bo‘lsam, elektr energiyasi uchun bir oyda 200 million so‘m oldindan to‘lov amalga oshirar edik. Endilikda mazkur mablag‘ning 70 foizini qaytarib olishimiz yoki keyingi oylar uchun foydalanishimiz mumkin.

Shu bilan birga, korxonamiz tomonidan joriy yilning may oyida yopilishi kerak bo‘lgan 2 milliard so‘mga yaqin bank krediti farmon asosida 2020 yilning avgustigacha uzaytirildi.

Umuman qarorda belgilangan chora-tadbirlar biz, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan muhim hujjat, deb bilaman. Bu o‘z navbatida pandemiya davrida kam ta’minlangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bozorlarimiz to‘kin-sochinligini ta’minlashda zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi.

Abduaziz MUNISOV,

“TESPACK INVESTMENT” MChJ bosh direktori,

xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati.