Tadbirkorning yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘ygan mansabdor Biznes-ombudsman tomonidan jazolanadi
Shu paytgacha tadbirkorlik sohasida ma’muriy huquqbuzarlik keltirib chiqaradigan qonunbuzilishlar bo‘yicha ishlar asosan ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilardi. Endi ayrim ishlar bo‘yicha vakolat Biznes-ombudsmanga o‘tkazildi.
Xo‘sh, qaysi hollarda, qanday choralar ko‘riladi?
Yangi tartib 2022 yil 11 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 245 va 245-8-moddalariga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunga asosan joriy qilindi.
Bunda MJtKning 245-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, 43-modda (tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlari qismida), 2002–modda (tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlari qismida), shuningdek, boshqa tegishli moddalar bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish taalluqliligi bo‘yicha tuman (shahar) jinoyat ishlari bo‘yicha sudlardan Biznes-ombudsmanga o‘tkazildi.
Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni (tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlari qismida) qonunga xilof ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘yish (tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari buzilishi qismida) mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi binolarni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki dov-daraxtlarni yoxud ularning qismlarini, mazkur mol-mulkning bozor qiymati, shuningdek uning mulkdoriga bunday olib qo‘yish munosabati bilan yetkazilgan zararning o‘rni oldindan va to‘liq qoplanmagan holda buzib tashlashga, ularga ko‘p bo‘lmagan miqdorda zarar yetkazilishiga olib kelsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
(Ko‘p bo‘lmagan miqdor deganda bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 100 baravarigacha bo‘lgan doiradagi miqdor tushuniladi.)
Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikning arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etganlikda, davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlarini buzganlikda, arz qiluvchidan qonunchilikda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olganlikda, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi vakolatli davlat organining qonuniy talabi (topshirig‘i)ni bajarmaganlikda ifodalangan tarzda buzilishi mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzish yo‘li bilan ularga zarar yetkazish, ya’ni mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka tajovuz qilish, nomaqbulligi oldindan ayon bo‘lgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish, shuningdek mulkdorning mulkini olib qo‘yish yoxud uni o‘z mol-mulkiga bo‘lgan huquqidan voz kechishga majburlash, oz miqdordagi talon-toroj alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o‘tkazish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarini pul mablag‘lari hamda boshqa moddiy qimmatliklarni ajratish bilan bog‘liq homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berishning belgilangan tartibi hamda muddatlarini buzish, shu jumladan litsenziyalarning va ruxsat berish tartib-taomillarining yangi turlarini qonunga xilof ravishda joriy etish mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Abror Ibragimov,
Biznes ombudsmanning Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimi.