Tafakkur mulkini himoya qilish kelajakka poydevor yaratadi

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 27-moddasiga muvofiq, “Har kim o‘zi muallif bo‘lgan ilmiy, adabiy yoki badiiy asarlardan kelib chiqadigan ma’naviy va moddiy manfaatlarini himoya qilishga haqlidir”. Shunga ko‘ra, butun dunyoda mualliflar va ularning huquqiy vorislari manfaatlarini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Intellektual mulkni himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlari joriy etilishi rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining poydevorini tashkil etadi.

Agarda, bugungi kunda dunyoda yiliga intellektual mulk ob’yektlariga  bir millionga yaqin patent berilsa, texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan investitsiyalarning o‘sishiga qaramay, mamlakatimizda yiliga atiga 4 ming 500 atrofida intellektual mulk ob’yekti, jumladan, 2 mingdan ziyod tovar belgilari ro‘yxatdan o‘tadi. Ulardan bor-yo‘g‘i 72 ta tovar belgisi xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Innovatsion va raqamli texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishga o‘tish, yangi avlod mualliflarini tarbiyalab, voyaga yetkazish vaziyatni o‘zgartirishi mumkin.

Joriy yilning 12 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev intellektual mulk ob’yektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ilmiy ishlanmalar uchun patent olish bo‘yicha talablar eskirib qolganligi, shuningdek, yurtimizda qiymatni baholash tizimi amalda ishlamayotganligi, buning oqibatida ko‘plab ishlanmalar tijoratlashtirilmay qolib ketayotganligi ta’kidlandi.

Dolzarb muammolardan yana biri - mamlakatimizda keng tarqalgan san’at va adabiyot asarlaridan muallifning roziligisiz foydalanish, undan noqonuniy daromad olish holatlari bo‘yicha alohida to‘xtalib, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tib, oylik to‘lov undiradigan onlayn kinoteatrlarda 30 mingdan ortiq kino, serial, qo‘shiq, multfilmlar joylashtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, bundan mualliflar moddiy manfaat ko‘rmayotganiligi aytib o‘tildi. Asosiy masala, sohaga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz bo‘lish va qilmish uchun jazo choralarini kuchaytirish taklif etildi.

Umuman olganda, butun dunyoda bugungi kunda intellektual mulk ob’yektlarini kengaytirish, ob’yektlarga huquqiy rejim berish, huquq egalari manfaatlarini himoya qilish tizimini soddalashtirish orqali butun dunyoda bugungi kunda kodifikatsiya jarayoni olib borilayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

Ma’lumki, amaldagi Fuqarolik kodeksi 6 bo‘lim, 70 bob, 1199 moddadan iborat. Fuqarolik kodeksining 4-bo‘limi bevosita intellektual mulkning huquqiy muhofazasiga bag‘ishlangan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, respublikamizda intellektual mulk huquqiga oid normalarning unifikatsiya qilingan tizimini Fuqarolik kodeksida ko‘rishimiz mumkin.

Kodeksda birinchi marta intellektual mulkning tarkibiy qismi bo‘lgan patent huquqi bilan birga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga keng o‘rin ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 10 sentyabr kuni Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida so‘zlagan nutqida quyidagilarni ta’kidlagan edi: “Ayni vaqtda ko‘plab musulmon mamlakatlari ilm-fan va texnologiyalar sohasida rivojlangan davlatlardan sezilarli darajada orqada qolayotganini tan olish lozim. Masalan, a’zo davlatlarning faqatgina 11 ta oliy ta’lim muassasasi jahonning 500 ta eng yaxshi universiteti reytingidan o‘rin olgan, xolos. Yoki 2015 yilda dunyo bo‘yicha patent olish borasidagi murojaatlarda bu mamlakatlarning hissasi atigi 1,9 foizni tashkil etgan. Tashkilotga a’zo davlatlarda 2016 yilda e’lon qilingan ilmiy maqolalarning qariyb 80 foizi 7 ta davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan. Aksariyat musulmon mamlakatlari boy tabiiy zaxiralarga, katta moliyaviy salohiyatga ega bo‘lsa-da, iqtisodiyotga innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etishda faollik ko‘rsata olmayotganini afsus bilan qayd etish lozim.

O‘ylaymanki, fundamental fan sohalarini rivojlantirish, davrning dolzarb muammolariga ilmiy yechimlar topishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish islom olamining ilmiy-texnologik salohiyatini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi”.

Bundan ko‘rinib turibdiki, har bir mamlakat yuqori iqtisodiy va ijtimoiy darajaga hamda jamiyatning hayot farovonligini oshirish uchun intellektual mulk muhofazasining kuchli tizimiga ega bo‘lishi lozim. Intellektual mulk muhofazasi ixtirochilar va ijodkor iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ular yaratgan yangiliklardan foydalanish uchun bu sohaga investitsiyalarni jalb qilish orqali iqtisodiyotni taraqqiy ettirishga ko‘maklashadi.

Intellektual mulkka oid milliy qonunchilikni kodifikatsiya qilish, ya’ni tizimlashtirish maqsadida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarining o‘zaro xalqaro aloqalari yaxshi samara bermoqda. Aynan shu maqsadda 2010 yil 7 aprelda MDH a’zo davlatlari Parlamentlararo Assambleyasining o‘ttiz to‘rtinchi yalpi majlisida MDH a’zo davlatlari uchun “Intellektual mulk model kodeksi”  qabul qilindi. Modelli kodeks 13 bob, 107 moddadan iborat bo‘lib, unda intellektual mulk ob’yektlarining huquqiy muhoafazasi bir tizimda joylashtirilgan. Har bir bobda ob’yektlarning umumiy muhofaza yo‘nalishlari alohida ko‘rsatilgan.

Fuqarolik kodeksi takomillashtirilayotgan davrda respublikamizda kodeksdagi intellektual mulk huquqi bilan bog‘liq normalarni va sohaga barcha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni jamlab, alohida “Intellektual mulk kodeksi”ga birlashtirish vaqti keldi. Bu kodeksda sohaga oid xalqaro-huquqiy normalarni ham aks ettirish ijobiy natijalar berishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, intellektual mulk ob’yektlari bugungi kunda fuqarolik muomalasiga eng ko‘p kiritiladigan, katta daromad manbi bo‘lgan, butun iqtisodiyoni rivojlantirish va ishlab chiqarish  korxonalarini yangi texnologiyalar ko‘rinishida jihozlashga ko‘maklashadigan, inson tafakkurini o‘zgartirish va yangi bilimlar tarqatishga asoslanganligi bilan ajralib turadi.

Iqtisodiyotni rivojlantirishda tadbirkorlik sub’yektlarini innovatsion faoliyatga jalb etish, olimlar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlashga erishish, intellektual mulk ob’yektlarini ishlab chiqarishga joriy etish yo‘llarining turli shakl va vositalaridan keng foydalanish, milliy patentlar bozorini yanada rivojlantirish, intellektual mulk ob’yektlarini tijoratlashtirish, sohaga oid ilmiy izlanishlarni kengaytirish, sohada xalqaro aloqalarni tobora kuchaytirish, ayniqsa, intellektual mulk ob’yektlari va ularning yaratuvchilari bo‘lgan mualliflar huquqlarini yagona “Intellektual mulk kodeksi” orqali muhofaza qilishga o‘tishni davrning o‘zi talab etmoqda.

Bugungi kunda intellektual mulk ob’yektlari muhofazasini hamda mualliflar va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilishini nazorat qilish, intellektual mulk ob’yektlarini fuqarolik muomalasiga kiritish mexanizmlarini izlab topish, eng asosiysi, sohaga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish asosiy vazifalardan bo‘lib qolaveradi.

Intellektual mulk ob’yektlarini huquqiy muhofaza qilish tizimini kuchaytirish nafaqat intellektual mulk huquqlarini tan olish, mualliflar huquqlarini himoya qilish, ularning ishlanmalari va asarlaridan noqonuniy foydalanishdan himoya qiladi, balki ularga o‘z tafakkuri natijasidan moddiy manfaat olishga imkon beradi. Eng asosiysi, tafakkur mulki himoyaga olinar ekan, bu kelajakning poydevorini ta’minlash degani.

Gulnora XUDOYBERDIYeVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.