Talabaga ijara puli: shu yil 1 maydan boshlanishi kerak bo‘lgan bu tartib hali ham o‘z yechimini topmay kelyapti
"Bugungi kunda 130 mingdan ziyod talaba ijarada yashaydi. Bu masalani hal qilish bo‘yicha hukumat tomonidan alohida dastur tayyorlanmoqda. Unga ko‘ra, bunday farzandlarimizga 1 maydan boshlab ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Albatta, bu ham davlatning puli, lekin boshqa ilojimiz yo‘q", degan edi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 13 aprel kuni yoshlar tadbirkorligi va bandligi masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida.
Dastlabki bosqichda ushbu tizim orqali 60 ming yosh qamrab olinishi, shu bilan birga, ehtiyojmand talabalarga bu xarajatlar hokimliklar va oliygohlar mablag‘i hisobidan ham qoplab berilishi ta’kidlangan edi.
* * *
Shunga ko‘ra, Prezidentning “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi ko‘zda tutildi.
Birinchi navbatda, ehtiyojmand oila farzandlari, o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalarning ijara to‘lovining yarmi qoplanishi belgilandi.
* * *
Shundan so‘ng joriy yilning 27 sentyabr kuni Hukumat qarori bilan «Davlat oliy ta’lim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara to‘lovi bir qismini qoplab berish davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etilishi belgilandi.
Xo‘sh, bunday imkoniyatdan talabalarning qanchasi foydalana olyapti?
Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalaridan qancha talaba ijara pulining bir qismi davlat tomonidan to‘lanishi bo‘yicha ariza taqdim qildi?
Afsuski, joriy yilning 1 mayidan boshlanishi kerak bo‘lgan ushbu tartib hali ham o‘z yechimini topmay kelmoqda. Shuning uchun ham Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalaridan ijara huquqi asosida ijara pulining yarmi to‘lab berilayotgan talabalar haqida juda kam ma’lumot oldik. Masalan, Samarqand davlat tibbiyot institutida 2173 nafar talaba ijarada yashaydi, ularning atigi 112 nafari xonadon egalari bilan ijara shartnomasi tuzgan. Samarqand veterinariya meditsinasi institutida 2500 nafar talaba ijarada yashaydi, ulardan bor-yo‘g‘i 29 nafari ijara pulining bir qismi davlat tomonidan to‘lanishi bo‘yicha ariza taqdim qilgan. Ayrim oliy ta’lim muassasalariga talabalar tomonidan bu haqda umuman ariza tushmagan. Xo‘sh, nima uchun? Sababi, xonadon egasi ijara shartnomasi tuzsa, u davlatga 12 foiz daromad solig‘i to‘lashi kerak. Shuning uchun ham ko‘pchilik uy egalari ijara shartnomasi tuzishni istamayapti yoki ijara pulini sun’iy ravishda oshirib yuboryapti. Natijada, asos bo‘lmaganidan keyin talabaga ijara pulining bir qismi to‘lab berilmayapti. Ushbu muammo birgina bizda emas, butun respublika miqyosida davom etmoqda.
* * *
Bugun ushbu muammoni yechish choralari izlanmoqda. Shu yilning 25 oktyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Unda talabalarni o‘z uylariga ijaraga joylashtiruvchi shaxslarning ijara to‘lovlaridan olgan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilishi belgilandi. Hozircha ushbu qonun loyihasi rasman tasdiqlangani yo‘q. Agar bu tasdiqlansa, yuqoridagi muammo yechimini topadi, degan umiddamiz.
Xurshida Ernazarova.