Talabalar kontraktini to‘laganda daromad solig‘idan ozod bo‘ladimi?

Hozir talabalarning kontrakt to‘lash jarayonlari boshlangan. Ushbu jarayonlar mobaynida ko‘pchilik soliq imtiyozi haqida savol bermoqda.

Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga binoan, O‘zbekistonning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish (o‘zining, 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun yo‘naltiriladigan soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi.

Demak, quyidagi 3 toifaning kontrakti uchun o‘tkazilgan ish haqlaridan daromad solig‘i ushlanmaydi:

1) fuqaro o‘zining kontraktiga o‘tkazsa;

2) ota-onalar 26 yoshga to‘lmagan farzandining kontraktiga o‘tkazsa;

3) er yoki xotin turmush o‘rtog‘ining kontraktiga o‘tkazsa.

Bu nima degani?

Masalan, ota o‘z farzandining kontrakti uchun ish haqining bir qismini, aytaylik, 1 million so‘mini to‘g‘ridan-to‘g‘ri institut hisobiga o‘tkazadi. Buning uchun institutdan shartnoma (hisob-raqam) olib, tashkilot buxgalteriyasiga ariza berib qo‘yish kerak. Bunday vaziyatda agar ota 3 million so‘m oylik olsa, demak farzandining kontrakti uchun o‘tkazgan 1 million so‘mdan 12 foizlik daromad solig‘i ushlanmaydi. Faqat qolgan 2 million so‘mdan soliq olinadi.

Izoh: yuqoridagi 3 ta toifadan boshqalarning, masalan, aka-ukasi, opa-singlisi, kelini yoki boshqa shaxslarning kontrakti uchun ish haqidan to‘lov o‘tkazilsa, hech qanday imtiyoz qo‘llanmaydi.