Talabalar uchun yangi imkoniyatlar

Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tashabbusi bilan Samarqand davlat universiteti, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti va Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida talabalar ishtirokida uchun ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirda talabalarning ijtimoiy ish sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, bo‘lajak yosh mutaxassislarni tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishtirish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Asosan ish, psixologiya, sotsiologiya va iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan uchrashuvda “Inson” markazining asosiy yo‘nalishlari, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlarning ko‘rsatilish tartibi, ish jarayonlari va mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, talabalar agentlikning viloyat boshqarmasi va markaz xodimlari va fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, malaka oshirish imkoniyatlar haqida tushunchaga ega bo‘lishdi. Tadbir yakunida bitiruvchilar orasida kelgusida ushbu tizimda ishlash niyatida bo‘lgan yoshlar soni ko‘p ekanlig ma’lum bo‘ldi.

Ta’lim olish bilan birga ijtimoiy soha mutaxassislariga beminnat yordam ko‘rsatgan faol yoshlarga agentlikning viloyat boshqarmasi tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Azamat Aminov.