«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ talabalarga murojaat qildi: «Hech kim joysiz qolmaydi, zaruriy chora sifatida qo‘shimcha poyezdlar yo‘lga qo‘yiladi»
Xabaringiz bor, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan kecha, 6 yanvar kuni oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-o‘quvchilarining qishki ta’til muddati ikki haftaga uzaytirildi.
Shu munosabat bilan talaba va o‘quvchilarning o‘z uylaridan ta’lim muassasalariga qaytishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia va poyezd chiptalariga 50 foizlik chegirma muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirilgani va 7 yanvardan boshlab chiptalarni almashtirish joriy etilishi to‘g‘risida ma’lum qilindi.
Bugun esa ko‘plab hududiy temir yo‘l kassalarida xarid qilingan chiptalarni almashtirmoqchi bo‘lgan talaba-o‘quvchilarning gavjum holati kuzatilmoqda.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ rahbariyati respublikamizdagi barcha temir yo‘l kassalari kechayu kunduz ishlashini va chiptalar hech qanday qo‘shimcha to‘lovlarsiz almashtirilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, hech kim joysiz qolmasligi, chunki barcha poyezdlarda chiptalarni qayta rasmiylashtirish uchun kerakli miqdordagi o‘rindiqlar mavjudligi, zaruriy chora sifatida qo‘shimcha poyezdlar yo‘lga qo‘yilishini bildirgan.