Ta’lim muassasalarida  milliy sport o‘yinlari o‘qitilyaptimi?

Yoxud viloyatda xalq o‘yinlari qachon rivojlantiriladi?

Yurtimiz hududida tarixan juda ko‘p milliy xalq o‘yinlari bo‘lgan va ular avloddan avlodga o‘tib kelgan. Ayniqsa, “Tosh ko‘tarish”, “Ot ustida kurash”, “Ko‘pkari”, “Lanka”, “Arqon tortish” kabi milliy sport o‘yinlari yoshlarning sevimli mashg‘uloti va musobaqalaridan bo‘lgan. Biroq keyingi paytda hududlarda milliy o‘yinlarni rivojlantirish va ularni yoshlarga o‘rgatishga e’tibor qaratilmayapti nazarimizda.

Davlatimiz rahbarining 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida milliy sport turlari to‘g‘risida darslik va adabiyotlarning yangi avlodini yaratish, ta’lim muassasalarida milliy sport turlarini o‘qitish va mutaxassislar tayyorlash tizimini yangilash borasida vazifalar belgilab berilgan edi. Ammo bugungi kunda viloyatdagi birorta ta’lim maskanida milliy sport o‘yinlari dars sifatida o‘qitilmayapti va bu borada amaliy ishlar ham boshlangani yo‘q.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida SamDU sport klubi raisi o‘rinbosari Faxriddin Oblanazarov bilan bog‘landik.

- Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida milliy sport o‘yinlari dars sifatida o‘qitilmaydi, - deydi F.Oblanazarov – Chunki milliy sport o‘yinlarini o‘rgatish uchun standartlarga mos ochiq maydon va stadion kerak bo‘ladi. Bunga esa sharoit yo‘q, reja ishlab chiqilmagan, hatto milliy sport turlarini o‘qitish, darsliklarni yangilash bo‘yicha topshiriq ham berilgan emas.

Milliy o‘yinlar ming yillar davomida ommalashib, xalqning ijtimoiy hayoti, maishiy turmush tarzi negizida taraqqiy etib, bizgacha yetib kelgan. Shu ma’noda viloyatda  ham xalq o‘yinlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar  xususida viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi mas’ullariga murojaat qildik.

Viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Shuhrat Karimovning ma’lum qilishicha, bahor oylarida, Navro‘z bayramida va turli festivallarda xalq o‘yinlari bo‘yicha turli musobaqalar, madaniy tadbirlar tashkil qilinishidan boshqa javob ololmadik.

Prezidentimizning joriy yil 25 maydagi “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholining barcha qatlamlarini etnosport bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish,  mahallalarda etnosport turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalarni o‘tkazish, milliy sport turlarini “yo‘l xaritasi” asosida bosqichma-bosqich rivojlantirish ko‘rsatib o‘tilgan. Biroq boshqarma mutasaddilari tomonidan nafaqat ushbu qaror ijrosiga kirishilmagan, balki umuman viloyatda milliy sport o‘yinlarini rivojlantirish borasida amaliy ishlarga ham qo‘l urilmagan.

Milliy o‘yinlar xalq madaniyati va san’atining azaliy ajralmas bo‘lagi, yoshlarni tarbiyalashda va jamiyatdagi o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Chunki bunday o‘yinlarda bola o‘yinboshi bo‘ladi, ishtirokchiga aylanadi, muhimi, urf-odat va an’analarimiz haqida bilimga ega bo‘ladi. Buning amalda bo‘lishi uchun esa mutasaddilardan muammolarni o‘rganish va hal etish talab etiladi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.