Ta’lim sifatini oshirish — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’lim xizmatlari sifatini oshirish va jamiyatni rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.

Mazkur tadbir mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea bo‘ldi. Chunki unda mamlakat hayotining barcha jabhalari qamrab olingan, mavjud vaziyatga oqilona baho berilgan. Mamlakat salohiyati bilim va tafakkurda ekanligiga urg‘u berilib, “Ta’lim sifatini oshirish — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li” ekanligi ta’kidlandi. Ta’lim sifati uchun bog‘cha tarbiyachisi va maktab o‘qituvchisidan tortib mamlakat ta’lim tizimining barcha bosqichlari mutassadilarining mas’uliyatini oshirish vazifasi qo‘yildi.
“Inson qadri uchun” deb nomlangan 2022 yilning mantiqiy davomi sifatida kirib kelayotgan 2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb e’lon qilinishi biz uchun ham sharaf, ham mas’uliyatdir. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz Prezidenti va hukumati so‘nggi yillarda mamlakatda ta’lim sifatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. O‘ylaymanki, kelgusi yilda ta’lim tizimida yanada jiddiy islohotlar hayotga tatbiq etiladi.

O‘zbekiston ta’lim tizimida islohotlar davom etayotgani va faollashayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Zotan, xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar natijasini ko‘rib turibdi. Kelgusi yillarda ham yangi maktablar qurish, ta’lim tizimida islohotlarini davom ettirish, o‘qituvchi va murabbiylar mavqei hamda nufuzini oshirish bo‘yicha ham katta rejalar qilinganligi barcha ta’lim sohasi xodimlarini behad quvontirdi. Ayniqsa, o‘qituvchilar obro‘sini yuksaltirishni mamlakatimizning asosiy qonuni – Yangi konstitutsiyamizga muhrlab qo‘yilishi davlatimizda ta’lim sohasiga yuksak e’tibor qaratilayotganligi ifodasidir.

Oliy ta’limga nisbat berilsa, ta’lim sifatini oshirish, korrupsiyaga barham berish, universitetlar o‘rtasida haqiqiy raqobat muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda mehnat bozorining talablari sezilarli darajada o‘zgarib bormoqda, yuqori professional malakaga ega raqobatbardosh kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Muvaffaqiyatning asosiy mezoni universitet bitiruvchilariga nufuzli soha korxonalaridan bo‘lgan talab, ularning yuqori haq to‘lanadigan ishlarga qabul qilinganligi bilan o‘lchanishi kerak. Chunki, bitiruvchida oliy ma’lumot olganligini tasdiqlovchi diplomining borligi unga ixtisosligiga mos ish topishiga kafolat berolmaydi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “...mamlakatimizda oliy ta’limga o‘qishga kirishdagi korrupsiya deyarli yo‘q bo‘ldi. Lekin oliy ta’lim muassasalari ichidagi korrupsiya hamon saqlanib qolmoqda”. Ta’lim tizimini, ayniqsa, oliy ta’limni korrupsiya illatidan butkul halos etishimiz zarur. Bunga faqat targ‘ibot uchrashuvlarini ko‘paytirish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish bilan erishib bo‘lmasa kerak. Agar jamiyatda korrupsiyani yo‘qotsak, ta’lim sifatini oshirsak, bu universitetlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi, eng asosiysi, yoshlarimizga zamonaviy sifatli ta’lim beriladi.

U.Sirojiddinov,
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i.