Ta’lim sohasida qanday muammo va kamchiliklar bor?

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning Oqdaryo tumanida ta’lim tizimi xodimlari bilan uchrashuvida ayni shu masala muhokama qilindi.

Viloyat rahbari dastlab ta’lim har qanday jamiyatning asosiy poydevori ekanini ta’kidlab, islohot va o‘zgarishlarni quyi bo‘g‘indan, ya’ni maktabgacha ta’lim tizimidan boshlash kerakligini ta’kidladi.

- Bugungi kunda viloyatda bolalarning bog‘chaga qamrovi 74,3 foizni tashkil etib, respublikada 12-o‘rindamiz, - dedi A.Boboyev. – Bu past ko‘rsatkich bo‘lib, Nurobod, Urgut, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand tumanlarida qamrov darajasining ko‘rsatkichi viloyatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham past. Shuningdek, viloyatdagi bog‘chalarda 23 ming 817 ta bo‘sh o‘rin mavjud, lekin shu paytgacha ulardan maqsadli foydalanilmagan.

Uchrashuvda pedagoglar salohiyati va ta’lim sifati ham tanqidiy baholandi. Qayd etilishicha, viloyatdagi 61 ming 536 nafar pedagogning 26 ming 558 nafari (43 foiz) toifaga ega emas. 2024 yilda attestatsiyaga jalb etilgan o‘qituvchilardan 18 ming 383 nafari yetarli ball to‘play olmagan bo‘lsa, 3045 nafar o‘qituvchining toifasi tushirilgan. O‘tgan o‘quv yilida viloyat bo‘yicha 1268 ta maktabni 47 ming 728 nafar bitiruvchi tugatib, 11029 nafari yoki 23,1 foizi grant va to‘lov shartnoma orqali oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.

Biroq 26 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi davlat OTMlariga o‘qishga kirmagan.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning bilim darajasini yaxshilash, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, tizimdagi muammolarga yechim topish, ta’lim muassasalari infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy o‘quv-tarbiya usullarini joriy etish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga oid taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Samarqand shahridagi 6-umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Feruza G‘afforova tizimni raqamlashtirish orqali qilingan yangiliklar o‘zini oqlamayotganini yashirib o‘tirmadi.

- Maktabda ishlaganimga 40 yildan oshdi, - deydi F.G‘afforova. - Oldin o‘qituvchi o‘zi darsga tayyorlanib, keyin o‘quvchiga bilim berardi. Hozir esa na ish reja, na konspekt yozadi. Bularning barchasi elektron tizimga o‘tgan. Hatto o‘quvchilarni ham telefonda baholaydi. Rostini aytaman, keyingi paytda o‘qituvchilarning asosiy ishi 45 daqiqa bolalarga bilim berish emas, platformaga vaqtida kirib, o‘quvchini baholash bo‘lib qoldi. Endi internet yetib bormagan maktablarda jarayonni tasavvur qilavering. Ushbu raqamlashtirish jarayonini qayta ko‘rib chiqish lozim, deb o‘ylayman.

-  Hozirgi kunda umumta’lim maktablarida o‘qiyotgan iqtidorli o‘quvchilar ixtisoslashtirilgan, xususiy maktablarga saralanyapti yoki o‘z xohishi bilan boshqa nufuzli ta’lim muassasasiga o‘tyapti, - deydi Payariq tumanidagi 23-maktab direktori G‘ayrat Mahamatov. – Tabiiyki, bu holat maktabda ta’lim sifatining tushishiga olib kelmoqda. Maktablarda ushbu muammoga yechim topish, ta’lim sifatini yaxshilash va oliy ta’limga qamrovni oshirish maqsadida iste’dodli o‘quvchilar uchun maxsus sinflar tashkil etish kerak. Yana bir muammo - hozir aksariyat o‘qituvchilar ta’lim tizimidagi zamonaviy texnologiyalar, jumladan, elektron doskalardan haligacha foydalanishni bilmaydi.

Maktablarda shu yo‘nalishda ham pedagoglarning bilimini oshirish, malakali mutaxassislarni jalb qilish zarur.

Uchrashuv davomida bildirilgan fikr-mulohazalar oliy ta’lim muassasalari mas’ullarini ham befarq qoldirmadi. Jumladan, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori Shahzoda Negmatova maktab direktorlariga qaysi yo‘nalishda pedagoglar bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, murojaat qilishlari va kadrlar yetkazib berilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga olish, pedagogika oliy ta’lim muassasalari huzurida pedagoglarni tayyorlash kursini tashkil etishni taklif qildi.

Viloyat hokimi har bir murojaat va taklifni eshitib, soha mas’ullari va oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga ta’lim sifatini yaxshilash, tizimda malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.