Ta’lim-tarbiyada no‘noq o‘quvchilarga Navoiy hikmatlarini o‘rgating

Aslida, Navoiyni har kun o‘qiymiz, uning bebaho asarlari, hikmatlari doim darslarda takrorlanadi. Aksariyat suhbatlarimiz mohiyati ham goho buyuk mutafakkirning hayotiy naqllariga asoslanadi. Shu bois bu buyuk ajdodimizga doim ehtiromdamiz.
Bugun Alisher Navoiyning tavallud topgan kuni oldidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, badiiy kechalar avjida. Shunday tadbirlarning biri Samarqand shahridagi 62-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etildi.
— Yosh, bilimli va shijoatli ona tili va adabiyot fani o‘qituvchimiz Vahobjon Avazov ulug‘ ajdodimiz tavalludini munosib nishonlashga kirishdi, — deya so‘z boshladi maktab direktori Nigora Salohiddinova. — Yana dars o‘qisa, qulog‘iga kirishi qiyinroq bolalarni o‘quvchilar orasidan tanlab olib, tadbirni mazmunli o‘tkazishga intildi. Hozir tadbirni kuzatib, birgalikda baho beramiz...
Sahna to‘rida Alisher Navoiy surati va “Qalblarda mangu, barhayot” yozuvi ilingan. Supachada lavh, uning ustida ochig‘lik kitob va yonida sham “lipillab” turibdi. Kitob javonida esa Navoiyning shoh asarlari, u haqdagi olimlarning kitoblari jamlangan.
Tadbir boshlandi. Har bir so‘zni burro-burro qilib, ifodali she’r o‘qigan ikki o‘quvchi barchaning e’tiborini tortdi. So‘z adabiyotshunos olimlarga berildi.
Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilar - Azmiddin Nosirov, Akram Toshpo‘latov Navoiyning oltin merosi, saxiyligi, sadoqatli do‘st, dono davlat arbobi, buyuk shoirligiga ta’rifu tavsif berishdi. Universitetning filologiya fakulteti talabalari oliy ta’lim muassasasida Navoiy asarlarining o‘qitilishi haqida to‘xtalib, topgan “duru gavharlari”ni jamlab, allomaning g‘azallaridan namunalar ijro qilishdi.
— O‘quvchining yaxshi-yomoni yo‘q, ustoz uchun bari birdek, — deydi Vahobjon Avazov. — Biroz no‘noqrog‘i bo‘lsa ham o‘quvchini buyuk ajdodimiz hikmatlari orqali tarbiyalashimiz mumkin. Universitetdan ustozlarni taklif qilganimiz ham Navoiyning bebaho merosini ular qalbiga chuqurroq singdirish, ularni ma’naviyat, ma’rifatga boshlash harakatidir.
Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilgan mazkur tadbir shubhasiz, sermazmun o‘tdi. Sahnada g‘azal va ruboiylarni vaznlarga solib, mehr bilan o‘qigan, Navoiy asarlarining tarbiyaviy ahamiyatini spektakldagi rollari orqali ifoda etgan o‘quvchilarni maktab direktori aytganidek, “quloqsiz” deya olmadik. Ular eng odobli, iqtidorli o‘quvchilar ekanligi hech kimda shubha uyg‘otmadi.
Abduhoshim ZIYoDOV.