Tamaga ruju qo‘ygan bojxonachi jazolanadi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Qayd etildiki, joriy yilning 10 oyi davomida viloyat bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibidagi 37 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Bir nafar xodim salbiy holat bo‘yicha bojxona organlaridan bo‘shatilgan.

Shuningdek, boshqarma apparati va bojxona postlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 46 marotaba yig‘ilish o‘tkazilib, xodimlar bilan 36 marotaba induvidual profilaktik suhbatlar olib borilgan.

Shu bilan birga, “Jartepa” chegara hamda “Samarqand aeroporti” bojxona posti orqali harakatlanayotgan fuqarolar o‘rtasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning 30-moddasiga asosan ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilgan.

Fuqarolardan xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan 12 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Shundan, 4 ta shikoyat yuzasidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, murojaatlarda ko‘rsatilgan xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari o‘z tasdig‘ini topmagan.

Boshqarma navbatchilik qismida (66) 233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni” muntazam ravishda ishlashi ta’minlangan.

Xodimlarning moddiy manfaatdorligi korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim vositasi ekanligi hisobga olinib, bojxona xodimlarining oylik maoshi ham o‘tgan yili noyabr oyida bir necha foizga oshirildi. Bunday g‘amxo‘rlik sharoitida pora olishga uringan bojxonachi albatta, jazolanishi zarur.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.