Tana qismlarini kutilmagan joylarda “o‘stirish” jarrohlik amaliyotlari
Jon Xopkins kasalxonasi shifokorlari teri ostida quloq o‘stirib olishdi. Qirq ikki yoshli Sheril Uolters 2008 yilda bazalioma (teri saratonining bir turi) kasalligi tufayli kesilgan qulog‘i o‘rniga yangisini qo‘lida o‘stirdi. Ushbu kasallik tufayli nafaqat quloq, balki quloq kanali bilan birga bosh suyagining bir qismi ham kesib olingan edi.
Uolters qovurg‘aning kemirchak (tog‘ay) to‘qimasidan quloq o‘stirgan dunyodagi birinchi odam bo‘ldi. “Red Orbit” nashriga ko‘ra, Patrik Byorn boshchiligidagi jarrohlar guruhi qovurg‘adan olingan to‘qima yordamida yangi quloq hosil qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu eksperimental operatsiya davomida yangi quloq ayolning qo‘l terisi ostiga qo‘yildi, u yerda 4 oy davomida o‘sdi, shundan so‘ng u odatiy joyiga ko‘chirildi.
Go‘zallik malikasi bosh suyagining bir qismi vaqtincha oshqozonga ko‘chirib qo‘yildi
O‘ttiz olti yoshli Jeymi Xilton 2009 yilda Aydaxodagi go‘zallik tanlovida g‘olib chiqdi va «Missis Amerika» unvoni uchun kurash olib borardi. Ko‘lda sodir bo‘lgan noxush voqeadan so‘ng sobiq go‘zallik malikasi behushlikdan uyg‘onib, bosh suyagi parchasi yo‘qligini ko‘rib hayratda qoldi. Jarrohlar Xilton bosh suyagining orqa qismini kesib olib, suyakning steril bo‘lib qolishi va miya to‘qimalarining yallig‘lanishi to‘xtagunga qadar uni ozuqa moddalari bilan ta’minlanishiga imkon berish uchun ayolning qorin pardasiga payvand qilib qo‘yishdi.
Bosh suyakning bir bo‘lagi 42 kun davomida qorin bo‘shlig‘ida yotdi. Keyinchalik, u o‘z joyiga qaytarildi va Xiltonning deyarli o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan voqea sodir bo‘lganidan uch oy o‘tgach, u uyiga yuborildi.
Kesilgan oyoq 180 gradusga burish orqali qayta “payvand qilindi”
Suyak saratoni bilan kurashgan Dugan Smit, shifokorlar oyog‘ini aylantirib qo‘yib, joyiga qo‘yganlaridan keyin faol hayot tarzini davom ettira boshladi.
2008 yilda o‘n uch yoshli Smitga suyak saratoni tashxisi qo‘yilgan. Uning tizzasi va soni amputatsiya qilindi. Bir nechta davolash usullari mavjud edi, ammo "aylanma plast" amaliyoti o‘smir oyog‘ini saqlab qolish uchun yagona yo‘l bo‘lib qoldi. Kesilgan oyoq vaqtincha orqaga burab qo‘yildi. Operatsiya Ogayo shtatidagi Jeyms saraton gospitalida amalga oshirildi va uch yildan kamroq vaqt o‘tgach, Smit beysbol va basketbol o‘ynashga, shuningdek, chang‘i uchishga muvaffaq bo‘ldi.
Qizchaning qo‘li oyog‘iga payvand qilingan holda qutqarib qolindi
2010 yilda maktabga ketayotgan to‘qqiz yoshli Min Lin ismli qizaloqni traktor urib ketdi. Shifokorlar qo‘l juda shikastlangani va uni joyiga tikib bo‘lmasligini aytishdi, shu sababli qo‘l vaqtincha oyoqqa tikildi. Faqat uch oydan keyin Linning qo‘li o‘z joyiga qaytarildi. Xitoyning Xenan provinsiyasidagi Chjenchjou shahridagi kasalxona shifokori Xou Szyansi qizaloq qo‘li normal ildiz otib, qon oqimi tiklanganini aytdi.
Qiz bilagini harakatga keltira olardi, ammo keyingi ikki yil ichida uning harakatchanligini yaxshilash va chandiqlarni ketkizish uchun yana bir necha jarrohlik muolajalarini o‘tkazish kerak bo‘ldi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.