Taqdiriga Samarqandda bitilgan tole yoki ajoyib inson Yusuf Haydarovni eslab
Yusuf aka bilan u kishi pensiyada chog‘ida yigirma yil avval tanishganman. Bu odamning ziyolinamo chehrasiga, faqat ilmu ma’rifatdan iborat suhbatlariga, tanishu do‘stlariga munosabatlariga havas qilganman.
– Ota-bobolarim davlatmand, ziyoli bo‘lishgan. Toshkentning Jo‘va mahallasidanmiz. Do‘rmon tomonda bog‘imiz ham bor edi. Otam ziyolilar bilan ko‘p mashvarat o‘tkazar edi. Ijodkorlar, olimlar kelishardi. Men ularga xizmat qilib, ilmga mehr qo‘yganman.
Otaxonning bu taxlitda ko‘p suhbatini olganman. U kishi sovet davridan otasining bitta bog‘i o‘rnida «Selmash» zavodi qurilgani-yu Moskva texnologiya institutida aynan terini qayta ishlash mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumot olgani, bir necha xalqaro forumlarda ishtirok etganini faxr bilan gapirib berardi.
1963 yildan boshlab Yusuf akaning taqdiri Samarqand bilan bog‘landi va vafoti (2011 yil 27 noyabr) ga qadar ana shu tabarruk zaminning suyukli farzandlaridan bo‘lib qoldi. Marhamat aya bilan olti farzandni zamonaga munosib qilib tarbiyaladi.
Yu.Haydarov o‘z davrining shijoatli, salohiyatli ziyolilaridan bo‘lgan. U kishi bilan qaysi davraga bormaylik, ko‘pchilik “ustoz” deb murojaat qilardi. Yusuf aka esa har biriga hazil-mutoyiba qilib, hol-ahvolini so‘rardi. Bundan tashqari, u kishi o‘qigan kitoblari, badiiy asarlari, ko‘rgan kinolaridan olgan ibratlarini aytishni yaxshi ko‘rardi. Men Yusuf aka orqali Samarqandda korxonalarda fidokorona mehnat qilgan ko‘plab odamlar bilan tanishdim va ularning ma’rifiy suhbatlaridan bahramand bo‘ldim.
Yusuf akadan ko‘p odam maslahat so‘raganiga guvoh bo‘lganman: mahallada bog‘cha qurilishi talabi bilan chiqqan oqsoqol ham, kanalizatsiya tarmog‘ini ulashga kirishgan quruvchi ham, sport zalini ta’mirlamoqchi bo‘lgan maktab direktori ham, ishga kirmoqchi yoki o‘qishga bormoqchi yoshlar ham. Keyinchalik bilsam, bu inson shogirdlariga, o‘ziga o‘xshagan insonlarga ishongan. Ana shu orqali odamlarning og‘irini yengil qilarkan. To‘g‘risi, mening o‘zimga ham bir-ikkita ijodkorlarni tanishtirib, “Uka, bu bolalarning yozganini bir o‘qing, binoyidek talanti borga o‘xshaydi”, degan edi. Qolaversa, bir necha bor viloyat partiya qo‘mitasi a’zosi, viloyat deputati sifatida ancha-muncha savobli ishlarni qilib o‘rgangan.
– Tole mening taqdirimga azim Samarqandda bitilgan ekan, – dedi bir kuni aka. – Shu yerda baxtimni – oilamni, farzandlarimni, halovatimni topdim. Buning uchun taqdirimdan minnatdorman.
Yusuf akaning janozasida tumanot odam yig‘ildi. Keyingi ma’rakalarida ham tanish va shogirdlarining qadami uzilmadi. Chunki bu odam dunyoga yaxshilik qilish uchun kelgan va ana shu savobli yumushni bajara oldi. Shuning uchun Marhamat aya bugun farzandlari, nevaralari davrasida turmush o‘rtog‘ining barcha ezguliklarini g‘urur bilan gapirib beradi. Darvoqe, shifokor qizi Aziza yaqinda menga otasi xotirasiga bag‘ishlangan ixchamgina she’rini berdi. Unda quyidagi misralar bor ekan:
Mehringizni sog‘inaman, otajonim,
Sog‘inganday saboq ila oqibatni.
Bilayapmiz o‘gitingiz bois bugun
Hayot degan yaxshi-yomon sinoatni.
Farzandlarga ibrat bo‘la olgan otaning xotirasi esa boqiy bo‘ladi.
Farmon Toshev.