Taqiqlangan dori vositasini olib o‘tishga uringan shaxs ushlandi

Giyohvandlik vositalarini yoki maxsus ruxsatnoma talab qilinadigan tovarlarni respublikamiz hududiga olib kirish, sotish va o‘tkazish taqiqlanadi. Shunday bo‘lsa-da giyohvandlik vositalarini olib o‘tishga urinayotgan kimsalar uchrab turadi.

Naim (ismlar o‘zgartirilgan) Tojikiston fuqarosi, o‘zbek tilini mukammal biladi.

Bir kuni u “Jartepa” chegara nazorat bojxona posti orqali “Panjikent-Urgut” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib, Tojikiston Respublikasida olgan jami 10 dona tabletkadan iborat “tramadol” giyohvandlik vositalarini o‘ziga tegishli qo‘l sumkasining ichki qismiga yashirib O‘zbekistonga olib o‘tmoqchi bo‘ladi.

U “Jartepa” chegara bojxona postidan ixtiyoriy ravishda “yashil yo‘lak”ni tanlab, bojxona nazoratidan o‘tayotgandi. Uning qo‘l sumkasi rentgen apparatidan o‘tkazilganda shubha uyg‘otgani sabab bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida Naimdan xodimlar respublikamizga olib kirilishi va bojxona chegarasi orqali olib o‘tilishi taqiqlangan yoki maxsus ruxsatnoma talab qilinadigan tovarlar bor-yo‘qligi haqida so‘raganida u “Yo‘q”, deb javob berdi.

Shundan so‘ng Naimning qo‘l sumkasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Shunda 1 konvalyutada joylashtirilgan jami 10 dona “Moparol Tramadol 50 mg AX141002 02/21 01/24” yozuvi mavjud bo‘lgan dori vositalarini bojxona nazoratidan yashirib, O‘zbekiston Respublikasiga olib kirgani ma’lum bo‘ldi. Shundan keyin tabletkalar tekshirib ko‘rish uchun tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Ekspert xulosasiga ko‘ra, Tojikiston Respublikasi fuqarosidan daliliy ashyo tariqasida olingan folgalangan yuzasida “Moparol Tramadol 50 mg AX 141002 02/21 01/24” yozuvli, zavod qadog‘ida bo‘lgan bir dona konvalyutadagi 10 dona ko‘k-sarg‘ish rangli kapsulalarning tarkibida giyohvandlik vositalari turkumiga kiruvchi tramadol moddasi mavjud bo‘lib, nomlanishiga mos dori vositasi hisoblanishi va tramadol moddasining sof og‘irligi 0,5 grammni tashkil qilishi aniqlangan.

Sud hukmi bilan Naimga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, ya’ni 24 500 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.   

Farhod Xudoyberdiyev,

jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi raisi.