Taranglashgan vaziyat va muloyimlashgan odamlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar soni dunyo bo‘yicha 188 milliondan, vafot etganlar 4 million nafardan oshdi. Bir kunda qariyb 200 ming kishi infeksiya yuqtiryapti.

Bugungi kunda yurtimizda ham infeksiya juda tez tarqalmoqda. Shu sababli barcha choralar bilan bir qatorda eng samarali tadbirlardan biri bo‘lgan emlash ishlarini mumkin qadar tezlashtirish va jadallashtirish lozim. Zero, emlash kasallikning yengil kechishi va jamoaviy immunitet hosil qilishga yordam berishini mutaxassislar alohida ta’kidlamoqda.

Shuningdek, davolanish yo‘llari, kasallikka chalinmaslik usullari haqida mutaxassislar tegishli tavsiyalarni beryapti. Ammo shu kunlarda boshqa bir narsa e’tiborimni tortgan. Odamlar bir-biriga avvalgidan muloyimroq, xushmuomalaroq bo‘lib qolgan.

- “Kattamiz” shu kunlarda o‘ta halim va samimiy, - deydi doim boshlig‘ining xarakteridan nolib yuradigan bir o‘rtog‘im. – Ilgarigidan farqli ravishda hozir yig‘ilishlarda mutlaqo stolni mushtlamayapti. Xodimlarga topshiriqlarni ham shirinsuxanlik bilan tushuntiryapti. 

Yaqinda shunga o‘xshash holatga o‘zim duch keldim. Qachon qarasa, topshiriqlar ko‘pligidan nolib yuradigan hamkasbim navbatchilik gali kelgan xodimning tobi yo‘qligini eshitib, uning o‘rnida ham ishladi. 

Xushmuomala, samimiy bo‘lish uchun koronavirus pandemiyasi va uning ayanchli oqibatlari yoki shunday sinovlarni kutish kerakmi? Axir har bir inson bir-biriga oqibatli, mehribon bo‘lishi kerak emasmi? 

Inson zoti shunaqa – boshiga biror musibat tushsa yoki yaqinlarini yo‘qotsa dunyoning o‘tkinchiligi, yon-atrofdagilar bilan ahil-inoq, bir-biriga mer-oqibat ko‘rsatib yashashi lozimligini anglaydi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.