Tarbiyaga darz ketdimi yoxud o‘quvchi nega ustoziga qo‘l ko‘taryapti?

Qadriyatlar hayotimizda muhim o‘rin tutadi. Chunki kundalik hayotimiz, insoniy munosabatlarimiz, yurtimiz tinchligi, erkinligimiz, ilmu ma’rifatimiz, ma’naviy boyliklarimiz, urf-odatlarimiz bilan bog‘liq barcha tasavvurlar shu tushunchada mujassam. 

Yoshlar ongiga o‘zi o‘sib ulg‘aygan yurtga sadoqat, qo‘ni-qo‘shni, mahalla ahliga hurmat, ona Vatanga muhabbat, ota-onani, keksalarni e’zozlash tuyg‘ularini singdirish ham aslida qadriyat. Hazrat Navoiyning «Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay», degan misralarida hikmat yashirin.

Yuqorida qayd etilgan xususiyatlar  bolalarimizning to‘y-ma’rakalarda ishtirok etishida shakllanib boradi. Bugun yurtimizning chekka qishloqlaridagi to‘ylarda ko‘pkarilar, kurashlar o‘tkaziladi. Bu  xalqimizning asrlar davomida shakllangan va ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib kelayotgan an’anaviy qadriyati. Ayrim to‘ylarda xalq baxshilarining ishtirok etishi davraga o‘zgacha ruh, fayz bag‘ishlaydi. Alpomish haqidagi dostonlarni tinglagan har qanday bolaning ko‘nglida vatanparvarlik, sadoqat, millatparvarlik tuyg‘ularining shakllanishi shubhasiz. 

Mahallada o‘tkaziladigan tadbirlarda keksa boboyu momlarimiz bosh-qosh bo‘lsa, shu tadbirning mazmun-mohiyati yuqori bo‘lib, yoshlarga ta’siri samarali bo‘ladi. Xalqimizda  «Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona», degan maqol bejizga aytilmagan.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda ustoziga qo‘l ko‘targan o‘quvchi, muallimni haqorat qilgan ota-ona, shifokorga tan jarohati yetkazgan bemorning yaqinlari, turmush o‘rtog‘iga qasd qilib, alamini farzandlaridan olgan er-xotinlar  to‘g‘risidagi ma’lumotlar uchramoqda. Buning sababi, oiladagi tarbiyaga taqaladi. Shunday ekan, farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasini milliy qadriyatlarimizga tayangan holda amalga oshirsak, maqsadga muvofiq.

Nigora SADINOVA, 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘linmasi rahbari.