Tarix kelajak uchun qanday saboq beradi?
Sivilizatsiya jarayoniga o‘tishda ishlab chiqarishning takomillashuvi, davlatchilik asoslarining vujudga kelishi, me’yoriy-huquqiy asoslarning yuksalib borishi muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, har qanday kishilik jamiyati rivojlanishi zamirida insonlarning axloqiy, ma’naviy yuksakligi ham taraqqiyotning mezoni sanaladi. Bunga tarixdan ko‘plab misollar mavjud.
Masalan, massagetlar malikasi To‘marisning Ahamoniy hukmdori Kir II ustidan qilgan g‘alabasini aynan ana shunday yuksak axloqiy tarbiyaning axloqsizlik ustidan qilingan g‘alabaga qiyoslash mumkin. Aleksandr Makedonskiy yurtimizga yurish qilganida Spitamenni hiyla yo‘li bilan yengishining natijasi o‘laroq taqdiri fojeali tugadi. Arablar biz yashayotgan hududlarni egallab, islom dini, arab yozuvi, arab boshqaruv tizimini o‘rnatdi. Islom dini qoidalari xalqimizning urf-odatlarida, ma’naviyatida muhim o‘rin tutdi, ya’ni transformatsiyalashdi. IX-XII asrlarda Sharq Renessansi yuzaga keldi. Buning asosiy sababi, ota-bobolarimiz islom dinini axloqiy tarbiya bilan hamohang takomilga yetkazdi. Buni allomalarimiz zo‘rlik yo‘li bilan emas, balki ma’rifiy, axloqiy tarbiya yo‘li bilan amalga oshirdilar.
Imom Buxoriy Buxoro hukmdori bilan bo‘lgan munosabatlarining yakunida Samarqand yaqiniga kelib, shu yerda vafot etdi. Bugun alloma maqbarasi ziyoratiga dunyoning turli burchagidan minglab insonlar kelishining o‘zi axloqiy tarbiya insonni alal oqibat ulug‘lashini bildiradi.
Mo‘g‘ullar yurtimizni egallab olish jarayonida misli ko‘rilmagan vahshiyliklarni sodir etdi. Asrlar o‘tib, xalqimiz o‘ziga xos axloqiy qarashlarni, islomiy e’tiqodni qabul qildi.
Chor Rossiyasi mustamlakasi davrida mahalliy aholini “ruslashtirish” siyosatini joriy etdi. Sovet davlati milliy va boy tarixiy qadriyatlarimizni, xalqimiz farzandlarini qatag‘on qildi. Fashizm oldida mag‘lubiyatga uchrayotgan sobiq ittifoq milliy, diniy qadriyatlarni shoshilinchda tiklashga urindi. Sohibqiron Amir Temur taqdiriga qiziqdi, Navoiy asarlari tiklandi, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Musulmonlar idorasi tuzildi, “Alpomish” dostoni yana o‘rganila boshlandi. Axloqiy qadriyatlarning tiklanishi samarasi hamda insoniylikka e’tibor orqali fashizm ustidan g‘alaba qozonildi.
XXI asrga kelib globallashuv, fan-texnika taraqqiyoti barobarida dolzarb muammolar yuzaga keldi. Ya’ni, ekologik vaziyat og‘irlashdi, xalqaro terrorizm, diniy va milliy adovatlarning kuchayishi, iqtisodiy buhronlarning davomiyligi saqlanib qolmoqda. Shuningdek, korrupsion illatlar, narkobiznes, narkotik moddalar iste’moli o‘sib, axloqiy tarbiya tubanlashib bormoqda. Dabdababozliklar oqibatida yuzaga kelgan isrofgarchiliklarni milliy va diniy marosimlarni cheklash orqali xarajatlarni “tejamoqchi” bo‘ldik. Axloqsizliklarni esa cheklay olmay qoldik. Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda turli axloqsizliklarni targ‘ib qiluvchi holatlar uchramoqda.
Fikrimcha, bu global muammolar va illatlardan qutulishning birdan-bir chorasi - axloqiy tarbiya tizimiga qat’iy amal qilish.
Fayzullo BOYMURATOV,
Jomboy tumanidagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi.