Tarix va taqdir: Imomqulixonning mudhish qasami
Imomqulixon 1611-1642 yillarda poytaxti Buxoro bo‘lgan yirik saltanatni boshqargan. U ashtarxoniylar sulolasining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri edi.
Uning davrida bir qator islohotlar amalga oshirilgan. Samarqanddagi Registon majmuasida Ulug‘bek davridan ikki asr o‘tib, Sherdor va Tillakori madrasalari tiklangan. Boshqa shaharlarda ham yana ko‘plab inshootlar bunyod etilgan. Ilm-fan, madaniyat, me’morchilik birmuncha taraqqiy etgan.
Imomqulixon o‘z siyosatini o‘rta asrlar uchun an’anaviy bo‘lgan o‘zga hududlarni bosib olib, mamlakat chegaralarini kengaytirishdan boshladi. 1613 yildagi Toshkent voqealari bunga misoldir. Afsuski, Toshkent qirg‘ini Imomqulixon siyosatidagi mudhish dog‘ qoldirgan hodisa bo‘ldi.
Albatta, bu o‘rinda Imomqulixonning Toshkentni qozoq va qalmiqlar ta’qibini saqlab qolganini ham unutmaslik kerak. Bosqinchilar Movarounnahrdan quvib chiqarilgach, Imomqulixon o‘z o‘g‘li Iskandarxonni Toshkentga hokim etib tayinlab, Buxoroga qaytadi. Ammo Iskandarxon hokimlikning ilk kunlaridan Toshkent aholisiga jabr-zulm o‘tkaza boshlaydi. Ayniqsa, soliqlar miqdorining keskin oshirilishi yalpi norozilikni keltirib chiqardi. Toshkent aholisi hokimga qarshi isyon ko‘taradi va natijada Iskandarxon o‘ldiriladi.
Bu mash’um xabar Imomqulixonga borib yetgach, dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lib qoladi va Balxga, o‘z ukasi Nadrmuhammadxonga maktub yozib, uni bu voqeadan ogoh etadi. So‘ngra katta qo‘shin bilan Toshkentga yo‘l oladi. Nadrmuhammadxon ham akasiga yordam berish uchun Toshkentga yuzlanadi. Aka-ukalar qo‘shini birlashib, bir oy mobaynida Toshkentni qamal qilib turishadi. Shahar darvozalaridan biri yondirib yuborilgach, qo‘shin shaharga bostirib kiradi.
O‘g‘lining o‘limidan g‘azab otiga mingan Imomqulixon askarlariga duch kelgan odamni qilichdan o‘tkazishni buyuradi va “to odamlar qoni otimning uzangisiga yetmaguncha qirg‘inni to‘xtatmayman” deb qasam ichadi. Shu tariqa shaharda misli ko‘rilmagan qirg‘in boshlanadi. Askarlar yoshu qarini baravar tig‘dan o‘tkaza boshlaydi. Xonning mash’um qasami hammayoqqa ovoza bo‘lgan, shahar darvozalari berkitilgan, bechora xalq kimga dodini aytishni bilmay qolgandi. Toshkentda o‘sha paytda taxminan 60-70 ming aholi yashagan, odamlar butunlay qirib tashlangan taqdirda ham qon otning uzangisiga yetmasligi aniq edi.
Qirg‘in shu darajaga borib yetadiki, hatto umri jang maydonida, qatlu qirg‘inda o‘tgan lashkarboshilar ham mazlumlar faryodiga dosh bera olishmaydi va xonga maqsadsiz razolatni to‘xtatishni maslahat beradi. Imomqulixon garchi zulm haddan oshganiga, qasos alangasi pasayganiga iqror bo‘lsa-da, g‘azab ustida ichilgan qasamidan qaytolmasdi. Shu bois, ulamolarga murojaat qilishadi.
Faqihlar “qon uzangiga yetishi uchun shaharni qonga botirish shart emas, bitta kichikroq hovuzni qatl qilinganlar qoni bilan ot uzangisiga yetadigan darajada to‘ldirish kerak” deb fatvo berishadi. Shu taxlit shahardagi hovuzlardan birining suvi bo‘shatilib, unga qirg‘in payti o‘ldirilgan odamlar qoni to xonning oti uzangisiga yetguncha qadar oqiziladi. Shundan keyingina bu qirg‘in to‘xtatiladi va xumordan chiqqan xon shaharga yangi hokim tayinlab, Buxoroga qaytadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qon bilan to‘ldirilgan hovuz ancha payt shu holatda turgan va undan badbo‘y hid anqib yotgan. Keyinchalik shaharning shu hududi xalq orasida “Sassiqhovuz” nomini olgan. Ko‘kcha dahasidagi bu mahalla yaqin-yaqingacha mavjud bo‘lgan.
Imomqulixon keyinchalik o‘zining bu qilmishidan pushaymon bo‘lganmi-yo‘qmi noayon. Ammo u umrining so‘nggi yillarida ko‘zlari ojizlashib qolgani, taxtni ukasi Nadrmuhammadxonga topshirib, o‘zi gunohlariga tavba qilish uchun Hajga yo‘l olgani ayni haqiqat. Imomqulixon 1644 yilda Makkada vafot etadi, vasiyatiga ko‘ra, jasadi Madinada dafn qilinadi.
Rustam JABBOROV.