Tarixdagi eng jasoratli o‘g‘irliklar

Soyalab sirg‘anuvchi sirli qalpoqlar, dadil rejalar, izsiz g‘oyib bo‘lganlar – bu o‘g‘irliklar haqidagi hikoyalar har doim tasavvurni o‘ziga tortib, kishi yuragini junbushga keltirgan. Asrlar davomida dunyo o‘chmas iz qoldirgan hayratlanarli, qiziqarli va g‘ayrioddiy talon-torojliklarning guvohi bo‘lib keldi. Ushbu maqolada biz jinoiy daholar olamiga sho‘ng‘iymiz va tarixdagi eng aqlbovar qilmaydigan o‘g‘irliklar haqida gapirib beramiz.

 Sovet ittifoqidagi surbetlarcha qilingan o‘g‘irlik

1922 yilda Kreml ventilyasiya tizimlari muhandisi Aleksandr Granovskiy boshchiligidagi bir guruh “mirishkorlar” bu talon-torojlikni amalga oshirgan. Granovskiy bino va uning xavfsizligi bilan yaqindan tanish edi, bu esa unga ishni puxta rejalashtirish imkonini berdi. 18 maydan 19 mayga o‘tar kechasi uning jamoasi avvalroq burg‘ulab qo‘yilgan devordagi teshik orqali Kremlga kirib oldi. Ular qurilishda tuproq tashish uchun foydalanilgan yer osti tunnelidan foydalanib, Rossiya imperiyasining tojlari va zargarlik buyumlari saqlanadigan qurol-yarog‘ qasri (Orujeynaya palata)ga kirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Jamoa 27 ta toj, 800 ga yaqin olmos va katta miqdordagi qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagan. So‘ng devordagi teshikni ehtiyotkorlik bilan tekislab qo‘yib, xuddi shu tunnel orqali Kremlni tark etishgan.

1925 yilga qadar Granovskiy va uning sheriklari boshqa jinoyatlar sodir etganlikda ayblanib, hibsga olinmaguncha bu o‘g‘irlik fosh etilmadi. Bu vaqtga kelib, zargarlik buyumlarining aksariyati allaqachon qora bozorda sotilgan yoki chet elga jo‘natilgan edi. Voqea Sovet ittifoqidagi eng mashhur jinoyatlardan biriga aylandi va ko‘plab afsona va hikoyalar mavzusi bo‘lib qoldi.

Tomas Blad

1671 yilning may oyi kunlaridan birida Tomas Blad va uning sheriklari yashirincha, qo‘riqchilarni sezdirmasdan London minorasiga kirib, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan Britaniya monarxiyasi tojini olib chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Blad tezda qo‘lga olingan bo‘lsa-da, jasorati va ustamonligidan hayratda qolgan qirol Karl II nafaqat uning hayotini saqlab qoladi, balki Irlandiya yerlaridan unga yirik pomeste ham beradi.

Fitnachi va josus sifatida tanilgan Blad 1680 yilda vafot etganida rasmiylar, u o‘z o‘limini soxtalashtirmaganiga ishonch hosil qilish uchun hatto uning jasadini eksgumatsiya qilishni buyurgan.

Mona Liza

Tarixdagi eng jasoratli o‘g‘irliklardan biri 1911 yilda sodir bo‘lgan Parijdagi Luvr muzeyidagi buyuk Leonardo da Vinchining mashhur surati - Mona Lizaning o‘g‘irlanishi edi. Kunlarning birida oyna soluvchi bo‘lib ishlagan Vinchenso Perrudjia suratni hech kim tomonidan qo‘riqlanmayotganini payqab qolib, uni o‘g‘irlash vasvasasiga qarshi tura olmadi. Vinchenso shundoqqina uni devordan yechib oldi, yo‘l-yo‘lakay zinapoyada ramkadan ajratdi, so‘ng Jokondani paltosi ostiga yashirdi va hech narsa bo‘lmagandek muzeyni tark etdi. Suratni ikki yil davomida Parijdagi kvartirasidagi qo‘sh tubli chamadonida saqladi. Qaroqchi o‘g‘irlangan rasmni Italiyada sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi.

Asr o‘g‘irligi

1976 yilning 19 iyulida taniqli fransuz bosqinchisi Albert Spajiari boshchiligidagi jinoyatchilar oldindan kanalizatsiyadan depozitariygacha qazib qo‘yilgan sakkiz metrlik o‘tish joyidan “Société Générale” bankiga kirib olishdi. Dam olish kuni bo‘lganligi sababli, bankda hech kim bo‘lishi mumkin emas edi. Ular u yerda bemalol o‘tirib olib, qimmatbaho sharoblar ichib, "hayotdan zavqlanishdi".

Ketish paytida Spajiari devorga katta harflar bilan “Nafratsiz”, “Zo‘ravonliksiz” va “Qurolsiz" degan yozuvlarni qoldirdi. U va uning sheriklari tomonidan olingan jami o‘lja miqdori zamonaviy qilib hisoblanganda 30 million yevroni tashkil etdi. Bu pullar haligacha topilgani yo‘q.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.