Tarixning yangi sahifalari ochilish arafasida

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) - mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bo‘lib, 2001 yil 15 iyun kuni Xitoyning Shanxay shahrida 6 mamlakat - Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston davlat rahbarlari uchrashuvida tuzilgan. ShHT ta’sischilaridan biri sifatida ishtirok etish haqidagi qarorni O‘zbekiston o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mintaqasidagi harbiy-siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda qabul qildi.

2001 yil iyunda Shanxayda bo‘lib o‘tgan birinchi sammitda tashkilotning maqsad va prinsiplarini e’tirof etgan holda qabul qilingan birinchi hujjat - “Shanxay hamkorlik tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi Deklaratsiya” va “Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiya bo‘ldi. Tashkilotning 2002 yil iyunda Sankt-Peterburgda bo‘lgan ikkinchi sammitida ustav hujjati - ShHT Xartiyasi tasdiqlandi.

2004 yil 1 yanvardan boshlab amaliy mexanizmi, ma’muriyati va byudjetiga asos solingan ShHT to‘laqonli xalqaro tashkilot sifatida tan olindi. Tashkilotning faoliyat ko‘lamini kengaytirish maqsadida 2005-2006 yillarda ShHTning Banklararo birlashmasi, Ishbilarmonlar kengashi va Forumi tashkil qilindi.

ShHTning oliy organi - Davlat boshliqlari kengashi hisoblanadi. Tashkilot strukturasi Hukumat boshliqlari (bosh vazirlar) kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari kengashi, Milliy muvofiklashtiruvchilar kengashi va doimiy ishlovchi, Pekin shahrida joylashgan kotibiyat va Toshkent shahrida joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasidan iborat.

Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi 2004 yil 1 yanvardan faoliyat ko‘rsata boshladi. Mazkur tuzilma zimmasiga axborot almashish, chegara va bojxona qo‘mitalarining, maxsus xizmatlarning hamkorligini muvofiqlashtirish, shu orqali terrorchilikning oldini olish vazifasi yuklangan.

Kuzatuvchi mamlakatlar bilan qo‘shib hisoblaganda, ShHT dunyo aholisining yarmini birlashtiradi. Bu esa uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari – iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashdagi salohiyatini oshiradi.

Mamlakatimiz yangi tashqi siyosiy faoliyat strategiyasining muhim tamoyillari – tashabbuskorlik, pragmatizm va ochiqlik uning ushbu tuzilmadagi ishtirokida ham o‘z aksini topmoqda. ShHTning Ostona (2017 yil), Sindao (2018 yil), Bishkek (2019 yil) va Moskva (2020 yil) sammitlarida O‘zbekiston tomonidan  ilgari surilgan tashabbuslar buning tasdig‘idir.

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 2021 yil 17 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi, 20 yilligi bo‘lib o‘tgan edi. Shundan so‘ng tashkilotga raislik qilish O‘zbekistonga o‘tgandi.

Joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 22-sammiti bo‘lib o‘tadi. Sammit ishida ShHTga a’zo mamlakatlar – Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus Respublikasi, Mo‘g‘uliston va Eron Islom Respublikasi yetakchilari  ishtirok etadi.

Faxriy mehmon sifatida Turkiya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkmaniston va Armaniston Respublikasi, shuningdek, Birlashgan millatlar tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtiroki ko‘zda tutilgan.

Bugun dunyo jamoatchiligi nigohini Samarqandga tikkan. Jahonda tinchlikni saqlash, sayyoramizning ayrim nuqtalarida yuzaga kelgan keskinlikni yumshatish, insoniyat xavfsizligini ta’minlash, mintaqada barqarorlik va rivojlanishga erishish yo‘lidagi O‘zbekiston tashabbuslari mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosatdan dalolat beradi. Qadim Samarqand nafaqat tariximizdan guvohlik beruvchi, balki dunyoga yangi tashabbus va g‘oyalarni taqdim etishi, bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadbir natijalariga ko‘ra tarixning yangi sahifalari yaratilishi bilan esda qoladi.

Zero, O‘zbekiston Prezidenti bejizga “ShHT har birimiz kuchli bo‘lgan taqdirdagina kuchli bo‘ladi”, degan jiddiy mulohazalarga undovchi fikrni o‘rtaga tashlamadi. Qolaversa, davlatimiz rahbari davom etayotgan murakkab sharoitda bu xalqaro tashkilot qanday vazifalarni belgilab olishi va ularga qanday erishish xususida ham aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surayotgani kelajagimiz kafolati sifatida belgilanadi.

Gulnora XUDOYBERDIYeVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.