Barot Boyqobilov: "Tarjimai holim — Urgut qissasi, she’rim — urgutliklar oltin bo‘sasi"
Barot Boyqobilov 1937 yil 14 martda Urgut tumanidagi Kenagas qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati.
1962 yilda SamDUning filologiya fakultetini tamomlagan.
«Samarqand satrlari» (1962), «Visol» (1965), «Seni izlayman» (1968), «Samarqand ushshog‘i» (1969), «Afrosiyob» (1970), «Sonetlar» (1982), «Kim sokin yashaydi O‘zbekistonda» (1990) va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Shukuhli karvon» (1981), «Notinch Xuroson» (1985), «Sokin Xuroson» (1992) va «Qonli Xuroson» (1992) dostonlari, «Hayrat ul-Abror» (1997) she’riy romani ham bor.
B.Petrarka, V.Shekspir, P.Neruda, R.Hamzatov sonetlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Barot Boyqobilov 2006 yilda vafot etgan.
* * *
Urgut chinoridan mening qalamim,
Qalbimning sofligi — buloqlaridan.
Odamlarin mehri — o‘tli kalomim,
Qaddim rasoligi — alp tog‘laridan.
Ko‘klam xandasidan — tabassum, kulgim,
She’r bitgan qog‘ozim — saxiy dalasi.
Kimyo tuprog‘idan to‘lgan iligim,
Nafasim — shifobaxsh subhi sabosi.
Bedor soylarida — umrim kemasi,
Charx urgan kaptari — o‘y-orzularim.
Tilidagi g‘azal — sevgim shevasi,
Cho‘qqiga ketgan yo‘l — mening izlarim.
Tarjimai holim — Urgut qissasi,
She’rim — urgutliklar oltin bo‘sasi.
* * *
MEN SENI SOG‘INDIM
Kim kashf etmish O‘zbekistonni,
Qaydan paydo bo‘lmish bu diyor?
Sharqqa mayoq bunday makonni
Yaratgandir qaysi bunyodkor?
Kim kashf etmish O‘zbekistonni,
Qaydan paydo bo‘lmish bu diyor?
Sharqqa mayoq bunday makonni
Yaratgandir qaysi bunyodkor?
Boshi uzra kulgan osmonni
Kim aylamish tongdek beg‘ubor?
Maftun aylab shu keng jahonni,
Kim muncha ham etmish baxtiyor?
Jahon ichra qo‘yib qutlug‘ nom,
Kim o‘pgandir peshonasini,
Saodatga yo‘llab subhu shom?
Bu hayotning koshonasini
Xalqimizga kim etgan in’om,
Oltin aylab ostonasini?
* * *
Men seni izladim, sen esa meni
Muhabbat atalmish bir xiyobondan.
Men seni so‘zladim, sen esa meni,
Ko‘ngilga saodat bitgan dostondan.
Men senga gul terdim, sen esa menga
Oshiqlar qadami yetmagan yerdan.
Men senga qo‘l berdim, sen esa menga
Amu bo‘sa olib turgandek Sirdan.
Men seni sog‘indim, sen esa meni,
Hijronda visolga chorladi maktub.
Men seni sog‘indim, sen esa meni,
Tohiru Zuhrodek bo‘loldik mahbub.
Muhabbat bo‘lmasa ikki dunyo ham,
Qovushtirolmasdi bizlarni, erkam.
* * *
Yur, chiqaylik sayrga, do‘stim,
Sog‘inganman Siyob bo‘yini.
Tark etaylik shaharni bir zum
Ko‘rmoq uchun ko‘klam to‘yini.
Kapalakday aylab sayri gul,
Bog‘lar aro kezaylik xurram.
Sendan faqat iltimosim shul,
Bizdan rizo bo‘lsin bu ko‘klam.
Qo‘lingdagi chinni piyola,
Mayli, menga tutmasin sharob.
Yur, azizim, tezroq Siyobga,
May o‘rnida ichaylik gulob.
Yoshligimiz o‘tgan gul bog‘lar
Har bahorda bizni so‘roqlar.