Tarjimonning kitobi
Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Qalam” nashriyotida chop etilgan, mohir tarjimon, jurnalist va shoir Fozil Shukurovning “Dilro‘shnoi” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari viloyat bo‘limi hamda "Ovozi Samarqand" gazetasi tahririyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda samarqandlik shoirlar, yozuvchilar, jurnalist va adabiyotshunos olimlar, SamDU talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Toshpo‘lat Tugalov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov, "Ovozi Samarqand" gazetasi bosh muharriri Bahodir Rahmonov, SamDU professori Sadri Sa’diyev hamda ijodkorlar adabiyotning inson kamolotida tutgan o‘rni, Fozil Shukurov ijodining o‘ziga xos jihatlari va yangi kitob haqida to‘xtaldi.
– Fozil aka ijodi bilan qariyb o‘ttiz yildan buyon tanishman, - deydi Asadulla Shukurov. – U so‘zning betakror qudratini yurakdan his qila oladi, o‘z ustida tinimsiz ishlaydi va buning natijasida har bir she’ri pishiq-puxtaligi, tasvirning tiniqligi va yuksak badiiy saviyasi bilan o‘quvchi qalbidan joy oladi. Qo‘limizdagi kitobning chop etilishida Fozil aka faoliyat yuritayotgan "Ovozi Samarqand" gazetasining hissasi katta ekanini alohida e’tirof etmoqchiman.
Kitob taqdimotida ijodkorning hayot, ona, yoshlik, mehr-muhabbatni madh etuvchi she’rlaridan namunalar o‘qildi.